Shundan keyin Dovud Egamizdan: — Yahudo shaharlaridan birortasiga boraymi? — deb so‘radi. — Bor! — dedi Egamiz. — Qaysi shaharga boray? — deb so‘radi Dovud. — Xevronga bor! — deb javob berdi Egamiz.
Yahudo xalqi Xevronga borib, Dovudning boshiga moy surtib, uni Yahudo ustidan shoh qilib tanlashdi. Shunda ular Dovudga: “ Giladdagi Yobosh shahri aholisi Shoulni dafn qilibdi”, deb xabar yetkazishdi.
Dovud xabarchilar orqali Yobosh aholisiga shunday xabar jo‘natdi: “Shoul shoh janoblariga sadoqatingizni ko‘rsatib, uni dafn qilibsizlar. Buning uchun sizlarni Egam yorlaqasin.
Dovudning odamlariga Zeruya o‘g‘li Yo‘ab bosh bo‘lib u yerga borganda, Givon hovuzi yonida Ishbositning odamlariga duch kelib qoldi. Tomonlarning biri hovuzning bir tarafida, ikkinchisi boshqa tarafida to‘xtashdi.
Ular bir qo‘li bilan bir–birlarining boshlarini ushlashdi, ikkinchi qo‘li bilan qilichlarini bir–birlarining biqinlariga sanchishdi. Hammalari birga yerga yiqilib jon berishdi. Shu sababdan Givondagi o‘sha joyga “Tig‘lar maydoni” deb nom berilgan.
Baribir Osoyil uning ortidan qolmadi. Abnur nayzasining orqa uchi bilan Osoyilning qorniga bir urgan edi, nayza Osoyilning orqasidan teshib chiqdi. Osoyil yerga yiqildi–yu, jon berdi. Hamma Osoyil yiqilib o‘lgan joyga yetib bordi–yu, to‘xtab qoldi.
Yo‘ab bilan Abushay esa Abnurning izidan qolmadi. Kun botganda ular Omoh tepaligiga yetib borishdi. Omoh Givon cho‘liga boradigan yo‘lning sharq tomonidagi Giyoh degan joy yaqinida edi.
So‘ngra Abnur Yo‘abni chaqirib dedi: — Qachongacha bir–birimizni qiramiz?! Buning oqibati yomon bo‘lishini bilasan–ku! Odamlaringga: “Bo‘ldi, endi birodarlaringizni ta’qib qilmanglar”, deb qachon buyruq berasan?
Yo‘ab esa shunday javob berdi: — Xudo haqi, yaxshiyamki o‘zing aytding. Bo‘lmasa, odamlarim ertaga ertalabgacha birodarlarini ta’qib qilishni to‘xtatmasdilar.
Yo‘ab Abnurni quvlashdan to‘xtab, orqasiga qaytdi va hamma odamlarini to‘pladi. Osoyildan tashqari, Dovudning odamlaridan yana o‘n to‘qqiz kishi halok bo‘lgan edi.
Yo‘ab odamlari bilan Osoyilning jasadini olib kelib, ota–bobolarining Baytlahmdagi xilxonasiga dafn qilishdi. Yo‘ab va uning odamlari tuni bilan yo‘l yurib, Xevronga yetib kelishganda, tong otgan edi.