Sulaymonning o‘n ikkita hokimi bo‘lib, ular Isroil hududlarini boshqarar, shohni va shoh xonadonini oziq–ovqat bilan ta’minlardilar. Har bittasi yiliga bir oy davomida shoh xonadoniga oziq–ovqat yetkazib berishi shart edi.
Tanax va Maxido‘ shaharlarida, butun Bayt–Shan hududida — Oxilud o‘g‘li Bano (bu joy Yizril etagidagi Zoraton shahridan Ovil–Maxla shahrigacha va Yoxmayom shahrining narigi tomoniga qadar bo‘lgan yerlardir),
Giladdagi Ramo‘t shahrida — Bangeber, shuningdek, Manashe o‘g‘li Yovir urug‘iga qarashli Gilad o‘lkasidagi qishloqlar, Bashan o‘lkasidagi Argob hududi, devor bilan o‘ralgan va darvozasi bronza tamba bilan mustahkamlangan oltmishta katta shahar ham unga qarardi.
Sulaymon Furot daryosidan Filistlar yeriga va Misr chegaralariga qadar bo‘lgan hamma o‘lkalarda shohlik qilardi. Bu o‘lkalardagi xalqlar Sulaymonga o‘lpon to‘lab, umr bo‘yi unga tobe bo‘ldilar.
Furot daryosining g‘arbidagi Tifsaxdan G‘azo shahriga qadar bo‘lgan o‘lkalarda, daryoning g‘arb tomonidagi hamma shohlar ustidan Sulaymon hukmron edi. Atrofdagi hamma yurtlar bilan aloqasi yaxshi edi.
Sulaymon hayotligida Dandan Bershevaga qadar bo‘lgan Yahudo va Isroil yurtidagi har bir odam o‘z uzumzorida, o‘z anjir daraxti ostida tinchgina umr kechirardi.
O‘sha o‘n ikki hokimning har biri shoh Sulaymonni, shoh Sulaymonning dasturxonidan taom yeydiganlarning hammasini belgilangan oyda oziq–ovqat bilan ta’minlardi, birorta ham kamchilikka yo‘l qo‘yishmasdi.
U hamma insonlardan, Zerax urug‘idan bo‘lgan Etxandan, Moxul o‘g‘illari Xaman, Qolko‘l, Dardaxdan ham dono edi. Atrofdagi hamma xalqlar orasida uning dong‘i ketgan edi.
U Lubnondagi sadr daraxtidan tortib devorda o‘sgan issopgacha, qo‘yingki, jamiki dov–daraxtlar, hayvonlar, qushlar, sudralib yuruvchilar, baliqlar haqida so‘z yuritardi.
Dunyodagi hamma shohlar Sulaymonning donoligidan bahramand bo‘lgani uning oldiga odamlarini yuborardi. Hamma xalqlardan odamlar kelib, Sulaymonning dono so‘zlarini eshitardilar.