Egamiz unga shu so‘zlarini ayon qildi: — Menga qilgan iltijolaringni eshitdim. Sen qurgan va O‘zim ulug‘lanadigan uyni muqaddas qildim. Ko‘zlarim, ko‘nglim doimo o‘sha yerda bo‘ladi.
Sen ham Mening oldimda, otang Dovud kabi, sofdillik bilan va to‘g‘ri bo‘lib yursang, Men amr etgan hamma farmonlarimni ijro etsang, qonun–qoidalarimni mahkam tutsang,
Isroil ustidan shohlik taxtingni abadiy mustahkam qilaman. Otang Dovudga ham: “Sening naslingdan bo‘lgan erkak zoti to abad Isroil taxtida o‘tiradi”, deb va’da bergan edim.
Sen ham, sening nasling ham Men ko‘rsatgan yo‘ldan qaytsangiz, sizlarga bergan amr va farmonlarimga rioya qilmasangiz, borib boshqa xudolarga xizmat qilsangizlar, topinsangizlar,
Isroilni O‘zim bergan yurtdan uloqtirib tashlayman. Men muqaddas qilgan, O‘zim ulug‘lanadigan uyni tark etaman. Ana o‘shanda Isroil xalqi hammaning og‘zida duv–duv gap bo‘ladi, hamma xalqlar ularni masxara qiladi.
Hozir ajoyib bo‘lib turgan uyning yonidan o‘tganlar buning ayanchli ahvolini ko‘rganda, dahshatga tushib: “Nimaga ularning Egasi bu yurtni va bu uyni mana shu ahvolga soldi ekan–a?” deb qotib qoladi.
So‘ng yana o‘zlari shunday xulosa chiqaradilar: “E–ha, ular ota–bobolarini Misr yurtidan olib chiqqan, o‘zlarining Egasi Xudodan yuz o‘girdilar–ku! Boshqa xudolarga ergashib, o‘sha xudolarga topinib, xizmat etdilar–ku! Qilmishlariga yarasha o‘zlarining Egasi ularning boshiga shu ko‘rgiliklarni solibdi–da.”
Tir shohi Xiram Sulaymonning ehtiyojiga ko‘ra, sadr yog‘ochi, sarv yog‘ochi, oltin yetkazib bergan edi. Shoh Sulaymon Xiramga bu xizmatlari uchun Jalila o‘lkasidagi yigirmata shaharni berdi.
— Do‘stim, menga bergan shaharlaring shumi bori–yo‘g‘i?! — dedi Xiram Sulaymonga. Xiram o‘sha yerlarga Kavul deb nom berdi va bugunga qadar shu nom bilan yuritiladi.
Shoh Sulaymon majburlab olgan qarollarni chaqirtirib, Egamizning uyini, o‘zining saroyini barpo ettirgan edi. Shuningdek, Quddusning sharq tomonidagi pastlikni to‘ldirib, mustahkam qildirgan va Quddus devorini qurdirgan edi. Xazor, Maxido‘ va Gezer shaharlarini mustahkamlagan edi.
Misr fir’avni Gezerga bostirib kelib, shaharni qo‘lga olgan va o‘t qo‘ygandi. Shu yerda istiqomat qilayotgan Kan’on aholisini qirib tashlab, shaharni o‘zining qizi — Sulaymonning xotiniga sep qilib bergandi.
o‘zining hamma ombor shaharlarini, jang aravalari saqlanadigan shaharlarni, otliqlari turadigan shaharlarini qaytadan tuzatib mustahkamladi. Bundan tashqari, Quddusda, Lubnonda, shohlikning hamma burchaklarida nima istasa, barpo qildi.
Isroil xalqi ularning bu yurtda qolib ketgan avlodlarini tamomila qirib bitirolmagan edi. Sulaymon o‘sha qolib ketganlarini qarol qilib oldi. Ular bugungacha bor.
Lekin Sulaymon Isroil xalqidan birortasini qul qilmadi. Shohning sipohlari, a’yonlari, akobirlari, lashkarboshilari, jang aravalarining qo‘mondonlari va suvorilarining qo‘mondonlari Isroil xalqidan edi.
Fir’avnning qizi Dovud qal’asidan o‘ziga atalgan saroyga ko‘chib o‘tdi. Bu saroyni Sulaymon unga atab barpo qilgan edi. Shundan keyin Sulaymon Quddusning sharq tomonidagi pastlikni to‘ldirib, mustahkam qildirdi.
Sulaymon Egamizga atab qurgan qurbongohda yiliga uch marta kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklari qilar, tutatqi tutatardi. Shunday qilib, u Egamizning uyini bitkazgan edi.