Shunday qilib, butun Isroil xalqi nasabnomada qayd etilib, bu ma’lumotlarning hammasi “Isroil shohlari kitobi”ga kiritilgan. Yahudo xalqi Egamizga kilgan bevafoligi uchun Bobilga surgun qilingan edi.
Birinchi bo‘lib surgundan o‘z shaharlaridagi mulklariga oddiy xalq qaytib keldi. Ular bilan birga ba’zi ruhoniylar, levilar va Ma’bad xizmatkorlari ham qaytishgandi.
Yana Yeroxam o‘g‘li Yibnayo va Uzzi o‘g‘li Elox qaytib kelgan. Elox Mixrining nevarasi edi. Shafatiyo o‘g‘li Mashullom ham qaytib kelgan. U Ruvelning nevarasi va Yibniyoning evarasi edi.
Yana Xudo uyining bosh amaldori Ozariyo qaytib kelgan edi. U Xilqiyoning o‘g‘li, Mashullomning nevarasi, Zodo‘xning evarasi va Oxitob o‘g‘li Maroyo‘tning chevarasi edi.
Yeroxam o‘g‘li Odayo ham qaytib kelgandi. U Peshxurning nevarasi va Malkiyoning evarasi edi. Odil o‘g‘li Masay ham qaytib kelgandi. U Yaxzironing nevarasi, Mashullomning evarasi va Immar o‘g‘li Mashillamatning chevarasi edi.
Shamayo o‘g‘li Obodiyo ham qaytib kelgandi. U Galolning nevarasi va Yodutunning evarasi edi. Oso o‘g‘li Barxiyo ham qaytib kelgandi. U Elqananing nabirasi bo‘lib, Natufo shahrining qishloqlarida yashagan edi.
Quddusga qaytib kelgan Ma’bad darvozabonlari quyidagilar edi: Shallum, Oqquv, Talmo‘n, Oximan va ularning qarindosh–urug‘lari. Shallum ularning boshlig‘i edi.
Ebuasafning nabirasi Kori o‘g‘li Shallum va uning Ko‘rax urug‘idan bo‘lgan qarindoshlari Ma’badning darvozasida soqchilik qilganlar. Ularning ota–bobolari ham Egamizning chodiri kirishida soqchilik xizmatida bo‘lgan edilar.
O‘sha kunlarda darvozani qo‘riqlash uchun hammasi bo‘lib 212 darvozabon tanlab olingan edi. Ular o‘z qishloqlarida nasabnomalari bo‘yicha ro‘yxatga olingan edilar. Ularni bu mas’ul vazifaga shoh Dovud bilan Shomuil payg‘ambar tayinlagan edilar.
Ba’zi levilar Ma’bad xizmatida foydalanadigan asbob–anjomlar uchun mas’ul edilar. Ularning vazifasi asbob–anjomlarni ishlatishdan oldin va ishlatilgandan keyin sanash edi.
Levilarning ayrimlari jihozlarga, Muqaddas xonadagi boshqa buyumlarga hamda sifatli unga, sharobga, zaytun moyiga, tutatqiga va ziravorlarga mas’ul edilar.
Levilarning qo‘shiqchilari Ma’baddagi xonalarda yashar edilar. Ular urug‘boshilar bo‘lib, kechayu kunduz xizmatda bo‘lganlari uchun boshqa barcha vazifalardan ozod qilingan edilar.