Ular taxminan uch soat davomida tik turib, Egasi Xudoning Tavrot kitobidan o‘qilgan so‘zlarni eshitdilar. Keyingi uch soat davomida esa tavba qilib, Egasi Xudoga sajda qildilar.
O‘sha yerda levilar turadigan bir zina bor edi. Yeshuva, Banix, Kadmil, Shabaniyo, Bo‘nax, Sharaviyo, Banix va Xanonax o‘sha zinaga chiqib, Egasi Xudoga qattiq ovozda iltijo qildilar.
Yolg‘iz Sen Egamizdirsan! Sen osmonni, beqiyos falakni, undagi hamma samoviy jismlarni, zaminni, zamindagi hamma narsani, dengizlarni, dengizlardagi hamma narsani yaratgansan. Ularning hammasiga jon ato qilgan Sensan. Samodagi farishtalar Senga sajda qiladi.
Uning sodiqligiga amin bo‘lding. Shuning uchun u bilan ahd qilib, deding: “Sening nasllaringga Kan’on, Xet, Amor, Pariz, Yobus va Girgosh xalqlarining yurtlarini beraman.” Sen ahdingda turding, chunki Sen sodiq Xudosan.
Sen fir’avnga, uning barcha a’yonlariga, Misr yurtining xalqiga qarshi alomatu mo‘jizalar ko‘rsatding. Chunki ular ota–bobolarimizga nisbatan surbetlarcha ish tutganlarini bilarding. O‘shanda qozongan dovrug‘ing shu kungacha saqlanib qolgan.
Sen ota–bobolarimizning ko‘z o‘ngida dengizni ikkiga bo‘lding, shu bois ular dengiz orqali quruq yerdan o‘tdilar. Ularni ta’qib qilayotgan Misrliklarni esa Sen dengiz qa’riga uloqtirding. Ular bahaybat suvlarga toshday g‘arq bo‘ldilar.
Senga bag‘ishlangan Shabbat kuniga rioya qilish to‘g‘risida ularga ko‘rsatmalar berding. Quling Muso orqali ularga amrlar, farmonlar, qonunlar berding.
Ular och qolganlarida, samodan non berding, chanqaganlarida qoyadan ularga suv chiqarib berding. Sen Kan’on yurtini ularga beraman, deya ont ichgan eding. So‘ng ularga, boringlar, o‘sha yerni mulk qilib olinglar, deb aytding.
[17-18] Ular Senga itoat etishdan bosh tortdilar, ularning orasida ko‘rsatgan mo‘jizalaringni esga olmadilar. Shu qadar o‘jarlik qildilarki, Misrdagi qullikka qaytib borish uchun o‘zlariga yo‘lboshchi tayinladilar. Lekin Sen kechiradigan, inoyatli, rahmdil, jahli tez chiqmaydigan, sodiq sevgisi mo‘l Xudosan. Bizning ota–bobolarimiz o‘zlariga buqaning tasvirini yasab: “Mana bizlarni Misrdan olib chiqqan xudoyimiz”, degan edilar. Shu tariqa o‘ta shakkoklik qilgan edilar. Hatto o‘shanda ham Sen ota–bobolarimizni tark etmading.
Sen g‘oyat rahmdil bo‘lganing uchun ota–bobolarimizni sahroda tashlab ketmading. Ularni kunduzlari doim bulut ustuni bilan yo‘lda boshlab bording, kechalari yura olsin, deb doim alanga ustuni bilan yo‘llarini yoritding.
Sen ularga shohliklar va xalqlar ustidan g‘alaba ato qilding, qo‘lga kiritgan yerning har bir parchasini taqsimlab berding. Ular Xashbon shohi Sixo‘nning yurtini, Bashan shohi O‘gning yurtini mulk qilib oldilar.
Ular borib, Kan’on yurtini mulk qilib oldilar. Sen ularga Kan’on yurti aholisini bo‘ysundirib berding, bu yurtni shohlariyu mahalliy xalqlari bilan birga ularning qo‘llariga berib: “Bularga istaganingizni qilinglar”, deding.
Ota–bobolarimiz mustahkam shaharlarni, hosildor yerlarni qo‘lga kiritdilar, ajoyib buyumlar bilan to‘la uylarga, qazilgan sardobalarga, uzumzorlarga, zaytunzorlarga, ko‘plab mevali daraxtlarga ega bo‘ldilar. Yeb to‘ydilar, semirdilar, Sening ulug‘ marhamatingdan ko‘ngillarini chog‘ qildilar.
Lekin shunga qaramay, ular yana itoatsizlik qilib, Senga qarshi bosh ko‘tardilar. Qonunlaringni mensimadilar, “ Egamizga qaytinglar”, deb da’vat qilgan payg‘ambarlaringni o‘ldirdilar. O‘taketgan shakkokliklar qildilar.
Shuning uchun Sen ularni dushmanlari qo‘liga berding, dushmanlari ularga zulm o‘tkazdilar. Ular azob tortganlarida Senga iltijo qilishdi, Sen ularning iltijolarini samodan turib eshitding. Buyuk rahm–shafqating tufayli ularga qutqaruvchilarni yubording. Qutqaruvchilar ularni dushmanlari qo‘lidan xalos qildilar.
Lekin hammasi yaxshi bo‘lgandan keyin, ular Sening oldingda yana qabihlik qilishdi. Sen ularni yana dushmanlari qo‘liga berib, tark etding. Dushmanlari ular ustidan hukmronlik qilishdi. Ota–bobolarimiz yana Senga yuz burib, iltijo qilganlarida, samodan turib ularning iltijolarini eshitding. Rahmdil bo‘lganing uchun, ko‘p martalab Sen ularga najot berding.
Qonunlarim bo‘yicha oldingiday yashanglar, deb ularni ogohlantirding. Lekin ular o‘zlariga bino qo‘yib, Sening amrlaringga itoat etmadilar. Garchi qonun–qoidalaringga amal qilish hayot bersa–da, ular bu qonun–qoidalaringga qarshi gunoh qildilar, o‘jarlik bilan qonun–qoidalaringdan yuz o‘girdilar, itoat etishdan bosh tortdilar.
Uzoq yillar Sen ularga sabr–toqat qilib kelding, Ruhing ila payg‘ambarlar orqali xalqingni ogohlantirib kelding. Lekin ular Senga quloq solmadilar. Shu sababdan Sen ularni begona xalqlar qo‘liga taslim qilib berding.
Ey Xudoyimiz! Sen buyuk, qudratli va haybatli Xudosan! Sen ahdingda turasan, sodiq sevgingni saqlaysan. Chekkan azob–uqubatlarimizdan ko‘z yumma. Axir, Ossuriya shohlari davridan bugungacha shohlarimiz, yo‘lboshchilarimiz, ruhoniylarimiz, payg‘ambarlarimiz, ota–bobolarimiz, butun xalqimiz boshiga og‘ir azob–uqubatlar tushdi.
Shohlarimiz, yo‘lboshchilarimiz, ruhoniylarimiz, ota–bobolarimiz Sening qonunlaringga rioya qilmadilar, Sen bergan amrlaringga, ogohlantirishlaringga ular quloq solmadilar.
Hatto o‘z shohligiga ega bo‘lgan paytlarida, Sen ularga buyuk marhamat ko‘rsatgan bo‘lsang ham, ular Senga xizmat qilmadilar. Sen ularga keng, serhosil bir yurt berding, lekin ular qabih qilmishlaridan qaytmadilar.
Mana, bugun biz qulmiz! Sen ota–bobolarimizga bergan yurtda biz qul bo‘lib yashayapmiz. Sen esa bu yurtni ota–bobolarimizga mevalaridan, mo‘l–ko‘lchiligidan bahramand bo‘lsin, deb bergansan.
Ammo gunohlarimiz oqibatida Sen bizni shohlarga tobe qilib qo‘yding. Yurtimizning mo‘l hosili o‘shalarga ketadi. Ular bizga va chorvamizga xohlagan ishini qiladi. Evoh, og‘ir kulfatda qoldik!”
Xalq quyidagicha qaror qildi: “Bo‘lib o‘tgan voqealar tufayli biz yozma ravishda qat’iy qaror qilyapmiz. Yo‘lboshchilarimiz, levilarimiz va ruhoniylarimiz bu qarorga muhrlarini bosdilar.”