Buning uchun shohimiz qo‘li ostidagi viloyatlarda nazoratchilar tayin qilinsin, ular chiroyli barno qizlarni shohimizning xizmatkori, haram og‘asi Xegay nazorati ostida Shushan qal’asidagi haramga to‘plasinlar, qizlarga pardoz bersinlar.
Shushan qal’asida bir yahudiy yashardi. Uning ismi Yovir o‘g‘li Mordaxay bo‘lib, Benyamin qabilasidan edi. Yovir, Shimax va Kish nasliga borib taqalardi.
Ota–onasidan yetim qolgan Hadassani Mordaxay asrab olib tarbiya qildi. Hadassa Mordaxayning jiyani edi. Uning boshqa ismi Ester bo‘lib, kelishgan, go‘zal qiz edi.
Shohning amru farmoni e’lon qilingach, Shushan qal’asiga ko‘p qizlarni to‘plab, Xegay nazoratiga topshirildi. Ester ham shoh saroyiga keltirilib, haram og‘asi Xegay nazoratiga topshirildi.
Xegayga Ester yoqdi, Xegay unga iltifot ko‘rsatdi. Xegay darrov: “Bu qizga pardoz berib, parvarishlanglar, unga ulushini berib turinglar, saroydan yettita kanizak tanlab olinib, unga cho‘ri qilib berilsin”, deb buyurdi. Shoh haramining eng yaxshi bo‘lmasiga qizni va uning kanizlarini joylashtirdi.
Har bir yosh qizga, Axashverash huzuriga kirish uchun navbati kelganda, o‘n ikki oy davomida pardoz berilardi. Ayollar uchun chiqarilgan qoida shunaqa edi. Olti oy mirra moyi bilan, olti oy xushbo‘y narsalar va upa–eliklar bilan pardoz qilardilar.
Kechqurun shoh huzuriga kirgan qiz, ertasiga ertalab shohning mulozimi, kanizaklar soqchisi Shashagaz nazorati ostidagi boshqa haramga qaytardi. Faqat shohga xush yoqqan, shoh nomini aytib chaqirgan qiz qaytadan uning huzuriga kirardi.
Mordaxayning asrandisi, uning amakisi Abuhayilning qizi Ester shoh huzuriga kiradigan payt ham keldi. Ester shohning mulozimi, haram og‘asi Xegay nima taklif qilgan bo‘lsa, shuni oldi va boshqa hech narsa so‘ramadi. Esterni ko‘rganlarning ko‘zlarida quvonch porladi.
Shoh Esterni hamma qizlardan ortiq sevib qoldi. Ester shohning muruvvatiga va iltifotiga barcha qizlardan ko‘proq sazovor bo‘ldi: Axashverash malikalik tojini Esterning boshiga kiygizib, uni Vashtining o‘rniga malika qildi.
So‘ngra shoh hamma a’yonlari va xizmatkorlari uchun Ester sharafiga ziyofat berdi, hamma viloyatlarda bayram e’lon qildi. Oliyhimmatlik bilan hadyalar ulashdi.
Ester Mordaxayning buyrug‘iga itoat etib, urug‘–aymog‘i va xalqi to‘g‘risida hali gapirmagan edi. Ester Mordaxayning tarbiyasida bo‘lgan paytda unga qanday itoat qilgan bo‘lsa, hozir ham shunday itoat etardi.
O‘sha kunlarda — Mordaxay saroyda o‘z vazifasini bajarayotganda, shohning Bixtan va Tarash degan ikkita darvozaboni quturib, shoh Axashverashning joniga suiqasd qilishni rejalashtirdilar.