Isroil xalqining butun jamoasiga yetkazinglar: shu oyning o‘ninchi kuni oila boshliqlari bitta qo‘zi yoki uloqcha tanlaydi. Buni xonadondagilar tanovul qiladi.
Bitta jonliq bir oilaga ko‘plik qiladigan bo‘lsa, oila a’zolarining soni va bir odam tanovul qiladigan go‘sht miqdori hisoblab chiqiladi. So‘ngra o‘sha oila jonliq go‘shtini yonidagi qo‘shnisi bilan bo‘lishadi.
Birinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni kechqurungacha qo‘zilarni alohida saqlanglar. So‘ngra Isroil xalqi jamoasining har bir xonadoni o‘zining qo‘zisini so‘yishi lozim.
O‘sha tunda Men Misrning bu boshidan narigi chetigacha o‘tib, insonlarning har bir to‘ng‘ich o‘g‘illarini ham, chorvaning birinchi erkak bolasini ham o‘ldiraman. Men, Egangiz, Misrning hamma xudolariga qarshi hukmni ijro etaman.
Eshiklaringizning romiga surtilgan qon yashayotgan uylaringizni belgilaydi. Qonni ko‘rib, sizlarni chetlab o‘taman. Men Misrni jazolaganimda, o‘lat ofatidan sizlar omon qolasizlar.
Bu kunni sizlar to abad esda tutishlaringiz lozim. Har yili bu kunni Men, Egangizga, atalgan bayram qilib nishonlanglar. Bu bayram avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida bo‘lib qolsin.
O‘sha yetti kun davomida xamirturushsiz non tanovul qilinglar. Birinchi kuniyoq uylaringizdagi xamirturushni yo‘qotinglar. Kimki yetti kun davomida xamirturush qo‘shilgan non tanovul qilsa, u Isroil xalqi orasidan yo‘q qilinadi.
Bayramning birinchi kuni ham, yettinchi kuni ham butun xalq muqaddas yig‘inga kelishi lozim. Shu kunlari, ovqat tayyorlashdan tashqari, hech qanday ish qilmanglar.
Xamirturushsiz non bayramini har yili nishonlaysizlar, chunki aynan o‘sha kuni Men sizlarning oilalaringizni va qabilalaringizni Misrdan olib chiqqanman. Bu bayram avlodlaringiz osha nishonlanib, doimiy qonun–qoida bo‘lib qolsin.
Uylaringizda o‘sha yetti kun davomida aslo xamirturush bo‘lmasin. Kimki xamirturush qo‘shilgan non tanovul qilsa, u asli Isroil naslidanmi, musofirmi, baribir, Isroil xalqining jamoasidan yo‘q qilinadi.
Shundan keyin Muso Isroilning hamma oqsoqollarini chaqirtirib, ularga shunday dedi: — Har bir xonadonga shunday deb aytinglar: “Oilangiz uchun bittadan qo‘zi yoki uloqcha tanlab olib, Fisih ziyofatiga qurbonlik qilinglar.
Keyin issop o‘tidan bir tutam olib, qurbonlikdan yig‘ilgan qon idishiga botiringlar. Qonni uylaringiz eshigi kesakisining yonlariga va tepasiga surtinglar. Tonggacha birortangiz uyingizdan chiqmanglar.
Chunki Egamiz Misr yurti bo‘ylab o‘tib, Misrliklarning to‘ng‘ich o‘g‘illarini uradi. U eshiklaringizning kesakisidagi qonni ko‘rib, uylaringizni chetlab o‘tib ketadi. Azroil uylaringizga kirib, sizlarning to‘ng‘ich o‘g‘illaringizni nobud qilishiga Egamiz yo‘l qo‘ymaydi.
— Bu Egamizga bag‘ishlangan Fisih qurbonligidir. Egamiz Misrliklarning to‘ng‘ich o‘g‘illarini halok qilganda, Misrdagi Isroil xalqining uylarini chetlab o‘tib ketdi. Shunday qilib, bizning xonadonlarimizni omon saqlab qoldi.” Shunda Isroil oqsoqollari egilib, sajda qildi.
Egamiz yarim kechasi Misrliklarning jamiki to‘ng‘ichlarini — taxtda o‘tirgan fir’avnning to‘ng‘ich o‘g‘lidan tortib zindonda yotgan asirning to‘ng‘ich o‘g‘ligacha o‘ldirdi. Hamma chorvaning birinchi erkak bolasini ham nobud qildi.
O‘sha kecha fir’avn, uning hamma a’yonlari va butun Misr xalqi uyg‘onib ketdi. Butun Misrni qattiq dod–faryod tutdi. Odam nobud bo‘lmagan birorta xonadon yo‘q edi.
O‘sha tundayoq fir’avn Muso bilan Horunni chaqirtirib aytdi: — O‘zlaringiz ham, Isroil xalqingiz ham yo‘qolinglar! Mening yurtimdan chiqib ketinglar! O‘zlaringiz aytganingizday, borib Egangizga sajda qilaveringlar.
Egamiz Misrliklarni shunday qildiki, ular Isroil xalqiga iltifot ko‘rsatdilar. Isroil xalqi nima so‘rasa, ular berdilar. Shu yo‘l bilan Isroil xalqi, g‘olib lashkarday, Misrliklarning boyliklarini olib ketdi.
Isroil xalqi Misrdan olib chiqqan xamirturushsiz xamirdan patir non yopdilar. Ular Misrdan shunchalik tez chiqib ketdilarki, yo‘lga yegulik tayyorlagani vaqt topolmagandilar.
“Bu kun O‘z xalqimni Misrdan olib chiqaman”, deb Egamiz o‘sha tunni ajratib qo‘ygan edi. Isroil xalqi ham avlodlar osha o‘sha tunni ajratib, Egamizga atashlari lozim.
Keyin Egamiz Muso bilan Horunga aytdi: “Sizlar rioya qilishingiz lozim bo‘lgan Fisih ziyofatining qonun–qoidalari quyidagichadir: Isroil xalqiga qondosh bo‘lmagan odam Fisih taomidan tanovul qilmaydi.
Taomlar qaysi uyda tayyorlangan bo‘lsa, hammasi o‘sha uyda tanovul qilinishi lozim. Tashqariga taom olib chiqilmaydi. Fisih ziyofatiga atab qurbonlik qilingan birorta ham hayvonning suyagi sindirilmaydi.
Yonlaringizdagi biror musofir Men, Egangizga, bag‘ishlangan Fisih ziyofatini nishonlamoqchi bo‘lsa, oldin uning xonadonidagi hamma erkaklar sunnat qilinishi lozim. Shundan keyingina Isroil xalqiga qondosh bo‘lgan odamlardan biriday, Isroil jamoasiga qo‘shilib, Fisih ziyofatini nishonlaydi. Sunnat qilinmaganlarning hech qaysisi Fisih taomidan tanovul qilishi mumkin emas.