Shundan keyin Muso va Isroil xalqi Egamizga quyidagi qo‘shiqni kuyladi: “ Egamizni madh etib kuylayman. U buyuk g‘alaba keltirdi. Otlarni, aravakashlarni dengizga uloqtirdi.
Shunda dushman gerdayib aytdi: “Orqalaridan tushaman, quvib yetaman. O‘ljani baham ko‘raman. Bulardan ko‘nglim qoniqadi. Qilichimni yalang‘ochlab, ularni yana qul qilaman.”
Xudolar orasida Senga o‘xshagani bormi, ey, Egamiz?! Kim Senga o‘xshar?! Muqaddasliging bilan ulug‘vorsan Sen, Qo‘rqinchli ishlaring bilan hamdu sanoga ilhomlantirursen, Sen ajoyibotlar ko‘rsatursen.
Ularni qo‘rquv va dahshat qamrab olar. Ey, Egamiz, Sening xalqing o‘tib ketguncha, O‘zing ega bo‘lgan bu xalq o‘tib ketguncha, Ular bilaging kuchi oldida toshday qotib qoladi.
Xalqingni O‘z tog‘ingga olib kelasan, Ularni joylashtirasan uying uchun tanlagan yerga, ey, Egamiz! Qo‘llaring o‘rnatgan muqaddas maskaningga Olib kirib joylashtirasan, ey, Rabbiy!
Fir’avnning otlari, aravakashlari va jang aravalari dengiz o‘rtasiga tushdi. Shunda Egamiz ularning ustiga dengiz suvlarini qaytarib olib keldi. Isroil xalqi esa dengiz o‘rtasidagi quruq yerdan o‘tib ketdi. Shu bois Muso va xalq qo‘shiq kuyladi.
Maryam quyidagi naqoratni kuylab, ularga boshchilik qildi: “Egamizni madh etib kuylang. U buyuk g‘alaba keltirdi. Otlarni, aravakashlarni dengizga uloqtirdi.”
Muso esa Egamizga iltijo qilgan edi, Egamiz Musoga bir cho‘pni ko‘rsatdi. Muso cho‘pni olib suvga tashlagan edi, suv ichishga yaroqli bo‘lib qoldi. Shunday qilib, o‘sha yerda Egamiz Isroil xalqini sinadi. Egamiz ularga yashash qonun–qoidasini berdi.
U Isroil xalqiga shunday dedi: “Agar Men, Egangiz Xudoga, hushyor bo‘lib quloq solsangiz, Mening oldimda to‘g‘ri ishlar qilsangiz, amrlarimga itoat etsangiz, hamma qonunlarimga rioya qilsangiz, o‘shanda Men Misrliklarni duchor qilgan xastaliklarning birortasiga ham sizlarni duchor qilmayman. Sizlarga shifo beradigan Egangiz Menman.”