Biroq kulfatli joyda endi azob bo‘lmaydi. Boshida Zabulun va Naftali yurti sharmanda bo‘lgan edi. Ammo kelajakda o‘sha dengiz bo‘yi, Iordanning narigi tomonidagi g‘ayriyahudiylar Jalilasi ulug‘lanadi.
Bu xalqni Sen ko‘paytirgansan, Ularga ko‘p shodlik ato qilgansan. Hosil paytidagi mamnunlik kabi, O‘ljalarin bo‘lishib olgan paytdagi kabi, Ular huzuringda quvonchga to‘lgan.
Mana biz uchun bola tug‘ildi, O‘g‘il bizga berildi. Hukmronlik Uning zimmasidadir, Nomi Ajoyib maslahatchi, Qudratli Xudo, Abadiy ota, Tinchlik shahzodasidir.
Dovudning taxtida Uning hukmronligi ortib boraveradi. Tinchlik to abad hukm suradi. Hozirdan boshlab, to abad Adolat va solihlik ila Shohligini mustahkamlab, barqaror qiladi. Sarvari Olam jon kuydirib, Buni bajo aylaydi.
“G‘ishtin imoratlar vayron bo‘lsa, Yo‘nilgan toshlar bilan quramiz. Shikamora–anjir daraxtlari kesilgan bo‘lsa, Ularning o‘rniga sadr daraxtlari ekamiz.”
Sharqdan Oramlar, g‘arbdan Filistlar Og‘izlarin katta ochib, Isroilni yutib yubordi. Ammo shunday bo‘lsa ham, Egam tushmas g‘azabidan, Uning qo‘li hamon Isroilga qarshi ko‘tarilgan.
Hammasi shakkok, qabihlik qilar, Barcha og‘izlardan ahmoqona so‘z chiqar. Rabbiy yoshlardan mamnun bo‘lmadi, Yetim, bevalarga shafqat ko‘rsatmadi. Ammo shunday bo‘lsa ham, Egam tushmas g‘azabidan, Uning qo‘li hamon Isroilga qarshi ko‘tarilgan.
Manashe qabilasi yeydi Efrayim qabilasini, Efrayim esa Manasheni, Ikkovi birlashib Yahudoga hujum qiladi. Ammo shunday bo‘lsa ham, Egam tushmas g‘azabidan, Uning qo‘li hamon Isroilga qarshi ko‘tarilgan.