Egamiz shunday demoqda: “Bir odam xotini bilan ajrashdi, deylik. Agar xotini borib, boshqasiga turmushga chiqsa, oldingi eri uni qayta nikohiga olishi mumkinmi?! Bunday bema’nigarchilik yurtni harom qilib yubormaydimi?! Ey Isroil, sen ko‘p o‘ynashlar orttirib fohishalik qilding. Endi qaysi yuz bilan oldimga qaytib kelmoqchisan?!
Atrofingdagi yalang qirlarga nazar solib, qara! Sen fohishalik qilmagan biror joy qoldimi?! Sen yo‘l bo‘ylarida o‘tirib, o‘ynashlaringni kutding. Cho‘lda bosqinchilik qilishga shay turgan qaroqchiday bo‘lding. Menga qilgan bevafoliging va fosiqliging bilan, Butun yurtni harom qilding.
Shoh Yo‘shiyo davrida Egamiz menga shunday dedi: “Bevafo Isroilning qilmishlarini ko‘rdingmi? Har bir baland tepalikda va har bir yashil daraxt ostida u fohishalik qildi.
[7-8] Barcha qilmishlaridan keyin ham, oldimga qaytib keladi, deb o‘ylagan edim. Lekin u qaytib kelmadi. Shuning uchun Men sadoqatsiz Isroilga taloq xatini berib, jo‘natib yubordim. Uning singlisi Yahudo esa buni ko‘rgan edi. Shunga qaramay bu munofiq zarracha ham qo‘rqmadi, u Menga vafo qilmay, fahshga berildi.
Qani, shimolga bor, u yerda ushbu so‘zlarimni jar solib ayt: — Egamiz shunday deb aytmoqda: Ey bevafo Isroil, Menga yuz bur! Endi Men senga g‘azabimni sochmayman, Men rahmdilman. Sendan to abad g‘azablanmayman.” Egamizning kalomi shudir.
“Faqatgina gunohingni tan olgin: sen Egang Xudoga qarshi bosh ko‘tarding, har bir yashil daraxt ostida begona xudolarga sajda etib, zino qilding, Mening gapimga kirmading”, deb aytmoqda Egamiz.
Egamiz shunday demoqda: “Ey sadoqatsiz farzandlar, oldimga qaytinglar! Zero, Men xo‘jayiningizman. Har bir shahardan bittangizni, har bir xonadondan ikkitangizni olib, Quddusga olib kelaman.
Sizlar yurtda ko‘payib, uvali–juvali bo‘lasizlar. Shunda xalq Mening ahd sandig‘im haqida gapirmaydigan bo‘ladi. Ular sandiq haqida o‘ylashmaydi, uni esga ham olishmaydi. Ularga zarurati bo‘lmagani uchun, yangisini yasashmaydi.
Zero, o‘sha vaqtda Quddus “Egamizning Taxti”, deb ataladi. Hamma xalqlar Menga sajda qilish uchun Quddusda, Mening huzurimda to‘planadilar. Shundan keyin ular hech qachon yovuz yuraklarining o‘jarliklarini qilmaydilar.
Men, Egangiz, ichimda shunday degan edim: “Seni jon–jon deya O‘zimga farzand qilib olgan bo‘lar edim, Senga ajoyib yurtni sovg‘a qilgan bo‘lar edim, Xalqlarning eng go‘zal mulkini senga bergan bo‘lar edim. Meni “Otajonim deysan”, deya niyat qilgan edim, Mendan hech qachon yuz o‘girmaysan, deb o‘ylagan edim.
Yap–yalang qirlar uzra fig‘on eshitilmoqda, Isroil xalqi dodu faryod solmoqda. Zotan, ular haq yo‘ldan ozgan edilar, O‘zlarining Egasi Xudoni unutib yuborgan edilar.
Keling, sharmandalikni o‘zimizga to‘shak qilaylik, Uyatni yopinchiq qilib, ustimizga yopaylik! Axir, ota–bobolarimiz bilan biz Egamiz Xudoga qarshi gunoh qildik. Yoshligimizdan to bugungacha Egamiz Xudoning gapiga kirmadik.”