Qo‘riqchilar sardori Nabizaradon Yeremiyoni Bobilga olib ketilayotgan Quddus va Yahudo asirlari orasidan zanjirband holda topib olib, uni Rama shahrida ozod qildi. Shundan so‘ng Yeremiyoga Egamizning so‘zi ayon bo‘ldi.
Mana, hozirgi kunda Egang aytganini qilib, yurtingga falokat keltirdi, chunki sizlar Egangizga qarshi gunoh qildingizlar, Uning aytganini qilmadingizlar. Shu sababdan bunday kulfat boshingizga tushdi.
Hozir men qo‘lingdagi kishanlarni yechaman, seni ozod qilaman. Agar men bilan Bobilga bormoqchi bo‘lsang, marhamat, senga yaxshi qarayman. Bordi–yu, Bobilga borishni istamasang, ixtiyoring o‘zingda. Mana, butun yurt sening ro‘parangda turibdi, xohlagan yeringga boraver.
Bu yurtda qoladigan bo‘lsang, Oxixam o‘g‘li Gadaliyoning oldiga bor. Bobil shohi Gadaliyoni Yahudo shaharlariga hokim qilib tayinladi. Gadaliyo Shofon degan odamning nevarasidir. Sen uning yonida qolib, xalqing orasida yashashing mumkin yoki xohlagan joyingga borishing mumkin.” Qo‘riqchilar sardori Yeremiyoga yegulik bilan sovg‘a berib, ozod qildi.
Ba’zi yahudiy lashkarboshilari va jangchilar taslim bo‘lmagan edilar. Oxixam o‘g‘li Gadaliyoni Bobil shohi yurtga hokim qilib tayinlaganini, yurtda qolgan eng qashshoq erkak, ayollar va bolalarni Gadaliyening ixtiyoriga topshirganini ular eshitdilar.
So‘ng Mispaxga kelib, Gadaliyoga uchrashdilar. Kelganlar — Nataniyo o‘g‘li Ismoil, Kariyox o‘g‘li Yo‘xanon, Tanxumat o‘g‘li Sarayo, Natufolik Efayning o‘g‘illari, Maxolik Yazaniyo va ularning lashkarlari edi.
Gadaliyo kelganlarga va ularning odamlariga shunday deb, ont ichdi: “Bobilliklarga tobe bo‘lishdan qo‘rqmanglar. Yurtda o‘rnashib, Bobil shohiga xizmat qilaveringlar, shunda hammasi yaxshi bo‘ladi.
Men esa Mispaxda qolaman. Keladigan Bobilliklarning oldida vakilingiz bo‘laman. Sizlar o‘rnashib olgan shaharlaringizda yashayverasizlar. Mevalarni yig‘ishtirib olinglar, sharob va zaytun moyini tayyorlab, g‘amlab qo‘yinglar.”
Bobil shohi ba’zi odamlarga Yahudo yurtida qolishga ijozat berganini va Gadaliyoni hokim qilib tayinlaganini Mo‘ab, Ommon, Edom va boshqa yurtlarda yashayotgan yahudiylar ham eshitishdi.
Shunda ular surgun qilingan hamma joylardan Yahudo yurtiga — Mispaxdagi Gadaliyoning oldiga qaytib kelishdi. U yerdan bir talay meva yig‘ishtirib, ko‘p sharob tayyorlashdi.
Shunda Yo‘xanon hech kimga bildirmay Gadaliyoga dedi: “Ijozat bering, borib Ismoilni o‘ldiray. Bu haqda hech kim bilmaydi. Nima uchun u sizni o‘ldirishiga yo‘l qo‘yishimiz kerak? Bordi–yu, Ismoil niyatiga yetsa, atrofingizga yig‘ilgan barcha yahudiylar tarqalib ketadilar, Yahudoda qolgan odamlarning boshi esa baloga qoladi.”