×

Муқаддас Китоб 2016 (UZLBC)

Еремиё 47

1
Fir’avn G‘azo shahriga hujum qilishidan oldin, Filist xalqi haqida Egamizning shu so‘zlari Yeremiyoga ayon bo‘ldi:
2
Egamiz aytmoqda: — Qarang, shimolda dushmanlar to‘planmoqda, Ular suvga o‘xshab ko‘pirib kelmoqda. Jo‘shqin daryo kabi toshib hovliqmoqda. Ular to‘fonday butun yurtni bosib ketadi, U yerdagi hammani — Shaharlar va odamlarni cho‘ktiradi. Xalq dodu faryod qiladi, Yurt aholisi fig‘on chekadi.
3
Ot tuyoqlari tasir–tusur uradi, Aravalar taraq–turuq qiladi, G‘ildiraklar gursullaydi. Erkaklar ichidan zil ketadilar. Hatto bolalarini qutqargani ham Ular orqaga qaytmaydilar.
4
Ha, o‘sha kun keladi, Filist xalqi qirib tashlanadi! Omon qolgan ittifoqchilari yo‘q qilinadi. Tir va Sidon shaharlariga yordam kelmaydi, Xafto‘r sohillaridan kelgan Filistlarni Egamizning O‘zi yo‘q qiladi.
5
G‘azo aholisi qayg‘udan sochlarini oldiradi, Ashqalon odamlarining dami ichiga tushib ketadi. Ey, Filist zabardastlaridan omon qolganlari! Qachongacha g‘am chekib, badaningizni tilasiz?!
6
“Sho‘rim qursin! Ey Egamning qilichi! Qachon tinib–tinchiysan sen?! Bo‘ldi yetar, tinchlanaqol! Qiningga kir, damingni ol!”
7
Evoh, Egamning O‘zi amr etgan bo‘lsa, Qanday dam olsin u qilich?! “Ashqalon shahriga va sohilga hujum qil” degan bo‘lsa, Qanday tinchlansin u qilich?!
Uzbek Bible Latin 2016 (UZLBC)
Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020
:
Eslatmalarni saqlash