Bironta odamning senga rahmi kelmagan, hech kim senga achinmagan, qaramagan. Sen tug‘ilganingda hamma sendan hazar qilgan, shuning uchun seni dalaga olib borib tashlashgan.
Men o‘sha yerdan o‘tib ketayotib, seni ko‘rib qoldim. Sen o‘z qoningda tipirchilab yotgan eding. Shunda Men senga: “Yasha!” deb aytdim. Ha, senga “Yasha!” dedim.
Men seni dashtdagi o‘simlik kabi o‘stirdim. Sen ulg‘ayding, bo‘ying cho‘zildi, eng go‘zal bir gavharga o‘xshab qolding. Sening ko‘kraklaring to‘lishdi, sochlaring uzun bo‘ldi, ammo sen qip–yalang‘och eding.
Men yana o‘sha yerdan o‘tib ketayotib, seni ko‘rib qoldim. Sen sevgi uchun yetilganingni ko‘rib, kiyimimning etagi bilan yalang‘och badaningni yopdim. Men senga qasamyod qildim, sen bilan nikoh ahdini tuzdim. Shunda sen Meniki bo‘lding”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy.
Seni oltinu kumush bilan bezantirdim, ustingga qimmatbaho, mayin zig‘ir matolardan tikilgan liboslaru naqsh solingan ko‘ylaklar kiydirdim. Oliy navli undan yopilgan nonlar bilan, zaytun moyi va asal bilan seni boqdim. Sen nihoyatda go‘zal bo‘lding, haqiqiy malikaga o‘xshab qolding.
Mislsiz go‘zalliging bilan xalqlar orasida dong taratding, chunki Men senga bergan ulug‘vorligim go‘zalligingni komil qilgan edi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy.
Sen esa go‘zalligingga ishonding. Shuhratingdan foydalanib, fahsh yo‘liga kirding. O‘tgan–ketgan erkakka o‘zingni berding, go‘zalligingdan ularni bahramand qilding.
Senga non uchun bergan oliy navli unni, zaytun moyi va asalni butlaringga xushbo‘y hadya qilding. Eha, shular sodir bo‘ldi”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy.
Jirkanch odatlaru fohishalik qilganingda sen biron marta ham o‘z bolaligingni eslamading, qip–yalang‘och bo‘lganingni, o‘z qoningda tipirchilab yotganingni esga olmading.”
Shunda Men qo‘limni senga qarshi ko‘tardim. Rizqingni kamaytirib, seni dushmanlaring bo‘lgan Filist ayollarining ixtiyoriga topshirdim. Hattoki o‘shalar ham sening behayoligingni ko‘rib, yoqalarini ushlashgan.
Sen har bir ko‘chaning boshida karavotlar qurding, har bir maydonda baland supalar o‘rnatding. Yo‘q, sen fohishaday emas eding, sen to‘lovdan hazar qilarding.
Hamma fohishalarga sovg‘alar beriladi. Lekin sen hamma o‘ynashlaringga sovg‘alar berding. Har yoqdan kelib, sen bilan fohishalik qilishlari uchun ularni sotib olding.
Ha, sen boshqa fohishalardan ajralib turasan. Hech kim seni fohishalik qilishga undamagan, hech kim senga to‘lov bermagan. Aksincha, sen boshqalarga to‘lov bergansan. Haqiqatan ham, sen boshqachasan!
Shuning uchun sendan lazzatlangan hamma o‘ynashlaringni Men har yerdan yig‘ib kelaman. Sen sevganlarni ham, nafratlangalaringni ham senga qarshi yig‘aman. Seni qip–yalang‘och qilib, ularning oldiga chiqarib qo‘yaman. Ular seni tomosha qiladilar.
Seni o‘ynashlaring ixtiyoriga topshiraman. Ular karavotlaringni buzadilar, supalaringni vayron qiladilar. Ustingdagi kiyimlaringni yulib oladilar, chiroyli taqinchoqlaringni tortib oladilar. Sen qip–yalang‘och qolasan.
Uylaringni yondirib yuboradilar, seni bir talay ayollarning ko‘zi oldida jazolaydilar. Shu yo‘sin Men fohishaligingga chek qo‘yaman. Sen o‘ynashlaringga boshqa to‘lov bermaysan.
Sen bolaligingni eslamaganing uchun, qilmishlaring bilan qahrimni keltirganing uchun, Men qilmishlaringga yarasha jazoingni beraman. Jirkanch odatlaring yetmasmidi, nimaga behayolik qilding?”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy.
Sen haqiqatan ham o‘z eri va bolalaridan hazar qilgan onangga o‘xshaysan. Erlari va bolalaridan hazar qilgan opa–singillaringdan qolishmaysan. Sening onang Xet urug‘idan, otang Amor xalqidan edi.
Sen nafaqat ularning yo‘llaridan yurgansan, jirkanch odatlariga taqlid qilgansan. Sen qisqa vaqt ichida barcha qabihliklaring bilan ulardan o‘zib ham ketgansan.
Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sening singling Sado‘m o‘z qizlari bilan senchalik va sening qizlaringchalik qabihliklar qilmagan.
Sado‘mning aybi shudir: u va uning qizlari mag‘rur edilar. Ular to‘q, tinch va osoyishta hayot kechirar edilar, ammo mazlumu nochorlarga yordam bermas edilar.
Hatto Samariya ham sen qilgan gunohlarning yarmisini qilmagan. Sen ulardan ko‘proq qabihliklar qilgansan. Qilgan qabihliklaring oldida opang bilan singling solih bo‘lib ko‘rinadi.
Mana endi sharmandaligingga toqat qil. Sen opa–singillaringning jazosini yengillashtirding. Sen ulardan ham battar gunohlar qilib, ularni begunohday qo‘rsatding. Endi uyalgin, sharmandaligingga toqat qilgin, chunki sen opa–singillaringni oppoq qilib ko‘rsatding.
Ammo endi, sening fosiqliging butun dunyoga oshkor bo‘ldi. Sen Edom qizlari va ularning hamma qo‘shnilari uchun mazax bo‘lding. Filist qizlari hamma joyda seni masxara qiladilar.
Sen qilgan qilmishlaringni eslaysan. Opangni ham, singlingni ham qabul qilganingda uyalasan. Men ularni senga farzand qilib beraman. Buni sen bilan tuzadigan ahddan tashqari qilaman.
Men qilgan barcha gunohlaringni kechiraman, ammo sen ularni doim yodingda tutib, xijolat bo‘lasan. Uyalganingdan sen hatto og‘zingni ham ocha olmaysan”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy.