“Ey inson, xalqing oldiga borib shunday so‘zlarni ayt: Bordi–yu, Men biron bir yurtga qilich yubormoqchi bo‘lsam, o‘sha yerdagi xalq o‘ziga bir soqchini tayinlaydi.
Ular burg‘u ovozini eshitib turib, unga e’tibor bermaganlari uchun, o‘z boshini o‘zlari yegan bo‘ladilar. Ular ogohlantirishga e’tibor berganda, jonlarini saqlab qolishlari mumkin edi, axir!
Bordi–yu, soqchi yaqinlashib kelayotgan yov qo‘shinini ko‘rib turib, burg‘u chalmasa, u xalqni ogohlantirmagan bo‘ladi. Halok bo‘lgan odamlar o‘z gunohlari uchun o‘ladilar, biroq ular uchun Men soqchidan o‘ch olaman.
Shu singari, ey inson, Men seni Isroil xalqi uchun bir soqchi qilib tayinladim. Sen og‘zimdan chiqqan har bir so‘zimni xalqimga aytib, ularni ogohlantirasan.
Bordi–yu, Men fosiqqa: “Ey fosiq, sen o‘lasan”, deb aytsam–u, sen esa unga gapirmasang, uni yomon yo‘ldan qaytarish uchun ogohlantirmasang, o‘sha fosiq o‘z gunohlari uchun o‘ladi, biroq uning o‘limi uchun Men seni javobgar qilaman.
“Ey inson, Isroil xalqiga ayt: Sizlar shunday deb aytasizlar: “Qilgan gunohlarimiz bizni bosib qoldi. Biz ado bo‘lyapmiz. Bunday ahvolda yashab bo‘ladimi o‘zi?!”
Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, fosiqning halokatidan sevinmayman. Aksincha, fosiqlar yomon yo‘lidan qaytib, yashashini xohlayman. Ey Isroil, orqaga qayt! Yomon yo‘ldan qayt! Nima uchun halok bo‘lishing kerak?!
Ey inson, xalqing oldiga borib ayt: agar solih odam yomon yo‘lga kirsa, qilgan savob ishlari uni qutqara olmaydi. Agar fosiq odam to‘g‘ri yo‘lga kirsa, qilgan gunohlari uni halokatga yetaklamaydi. Gunohga qo‘l urgan solih odam esa jonini saqlab qolmaydi.
Bordi–yu, Men solih odamga hayot va’da qilsamu u odam esa solihligiga ishonib, gunohga qo‘l ursa, uning qilgan savob ishlari hisobga olinmaydi. Qilgan gunohi tufayli u o‘ladi.
garovga olgan narsani egasiga bersa, o‘g‘irlagan narsasini qaytarsa, yomonlikdan voz kechib, hayotbaxsh qonun–qoidalarga rioya qilsa, bunday odam albatta yashaydi, u o‘lmaydi.
Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n ikkinchi yili o‘ninchi oyning beshinchi kunida Quddusdan qochib kelgan bir odam oldimga kelib: “Quddus quladi”, deb aytdi.
Bundan bir kun avval, kechasi, Egamizning qudrati meni qamrab olgan edi. Ertalab qochoq kelmasidan oldin, Egamiz menga gapirish iqtidorini qaytarib bergan edi. Men yana tilga kirgan edim.
“Ey inson, Isroilning xarob shaharlarida yashab yurgan odamlar shunday deb yurishibdi: “Ibrohim yolg‘iz o‘zi bo‘la turib, butun yurtga egalik qilar edi. Biz esa ko‘pchilikmiz. Bizning ham bu yurtga egalik qilishga haqimiz bor.”
O‘sha odamlarga ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda, sizlar qoni chiqarilmagan go‘shtni tanovul qilasizlar, butlarga sig‘inib, qotillikka qo‘l urasizlar. Shunday ekan, bu yurtga egalik qilishga nima haqingiz bor?!
Sizlar faqat o‘z qilichingizga ishonyapsizlar! Jirkanch ishlar qilyapsizlar. Har biringiz qo‘shningizning xotinini bulg‘ayapsizlar! Bu yurtga egalik qilishga nima haqingiz bor?!”
Ularga ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, o‘sha xarob shaharlarda yashab yurgan odamlarning hammasi qilichdan halok bo‘ladilar. Bepoyon dalalarda bo‘lganlarni yovvoyi hayvonlar g‘ajib tashlaydi. Qal’alarda va g‘orlarda bo‘lganlar esa o‘latdan nobud bo‘ladilar.
Men butun yurtni tashlandiq xarobazorga aylantiraman. Bu xalqning mag‘rur qudratiga chek qo‘yaman. Isroil tog‘larida birorta tirik jon qolmaydi, u yerga odam oyoq bosmaydi.
“Ey inson, yurtdoshlaring shahar devorlari oldida hamda uy ostonalarida turib, seni g‘iybat qilishyapti. Ular bir–birlariga: “Qani yuringlar, Egamizdan kelgan xabarni bir eshitib ko‘raylik–chi!” deyishadi.
Ular oldingga to‘dalashib kelishadi. Gaplaringni eshitib o‘tirishadi, lekin birontasi ham aytganlaringni qilmaydi. Ularning tilidan bol tomadi, ammo dilida o‘z foydasini ko‘zlaydilar.
Ular uchun sen mohir bir sozanda, muhabbat haqida kuylagan xushovoz bir ashulachidaysan, xolos. Ular aytganlaringni eshitishadi–yu, ammo gapingga kirishmaydi.