Shuning uchun bashorat qilib, ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Qo‘shni xalqlar sizlarga har yoqdan hamla qilib, sizlarni vayron qilganlari uchun, sizlar ularning mulki bo‘ldingiz, odamlardan haqoratlar eshitib, xo‘rliklar ko‘rdingiz.
Ey Isroil tog‘lari, endi Egamiz Rabbiyning so‘zini eshiting! Egamiz Rabbiy tog‘laru qirlarga, soyliklaru vodiylarga, xarobazorlaru huvullagan shaharlarga gapirmoqda. Axir, bu shaharlar atrofdagi hamma xalqlarga o‘lja va kulgi bo‘ldi.”
Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men Isroil atrofida yashagan xalqlardan, xususan Edom xalqidan qattiq g‘azabdaman. Chunki ular nafrat tuyg‘usiga berilib, yaylovlarni talon–taroj qilish uchun yurtimni qo‘lga kiritdilar. Shunda o‘zida yo‘q xursand bo‘ldilar.
Shu sababdan Isroil yurti haqida bashorat qilib, tog‘laru qirlarga, soyliklaru vodiylarga ayt: Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Qo‘shni xalqlar sizlarni qanchalik xo‘rlaganini ko‘rib, g‘azabim keldi, rashkim qo‘zidi.
Men Isroil aholisini ko‘paytiraman. Butun Isroil xonadonini son–sanoqsiz qilaman. Huvullagan shaharlarga odamlar ko‘chib keladi, xarobazorlar qayta quriladi.
Nafaqat odamlarning, balki mol–qo‘ylarning ham soni behad ko‘payadi. Ular ko‘payib, barakali bo‘ladi. Yurtingiz ilgarigiday odamlarga to‘lib–toshadi. Men sizlarni oldingidan ham a’loroq hayotga erishtiraman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.
Men xalqim Isroilni oldingizga yetaklab kelaman. Ular yerlaringizga egalik qiladilar, sizlar xalqimning mulki bo‘lasizlar. Xalqimning farzandlarini boshqa nobud qilmaysizlar.”
Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Ey Isroil tog‘lari, odamlar sizlar haqingizda shunday aytishadi: Isroil yurti o‘z odamlarini nobud qiladi, o‘z xalqini farzandlaridan judo qiladi.”
Begona xalqlar sizlarni haqorat qilishlariga va ustingizdan kulishlariga Men yo‘l qo‘ymayman. Bundan buyon xalqimning qoqilishiga sizlar sabab bo‘lmaysiz, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy.
“Ey inson, Isroil xalqi ona yurtida yashab yurgan paytida yerni yaramas qilmishlari bilan bulg‘agan edi. Ularning bunday qilmishlari Mening nazarimda hayz ko‘rgan ayolday nopok edi.
Ularni xalqlar orasiga tarqatib tashlagan edim, boshqa yurtlarga quvib yuborgan edim. Men ularni tutgan yo‘llari va qilgan qilmishlariga yarasha jazolagan edim.
Biroq ular borgan joylarida Meni badnom qilishdi. Ularni ko‘rgan odamlar: “Bu Xudoning xalqi–ku! Ular Egasining yurtidan chiqib ketishga majbur bo‘libdi–da!” deb aytishar edi.
Shunday ekan, Isroil xalqiga ayt: “Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men sizlarni yurtingizga qaytarib olib kelaman. Lekin buni sizlar uchun emas, balki sizlar xalqlar orasida bulg‘agan O‘z nomim uchun qilaman.
Sizlar bulg‘agan Mening buyuk nomim qanchalik muqaddas ekanligini Men barcha xalqlarga ko‘rsataman. O‘shanda Egasi Men ekanligimni ular bilib oladilar. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir. Men sizlar orqali O‘z muqaddasligimni ularga ayon qilaman.
Shunda sizlar yovuz yo‘llaringizni, qabih qilmishlaringizni eslaysizlar, qilgan gunohlaringiz va jirkanch odatlaringiz uchun o‘zingizdan nafratlanib ketasizlar.
Ey Isroil xalqi, bilib qo‘y, Men senga qilmoqchi bo‘lgan bu yaxshiliklarga sen loyiq emassan, biroq shu orqali Men seni uyaltiraman. Sen qilgan qilmishlaringdan pushaymon bo‘lasan”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy.
Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men sizlarni gunohlardan tozalaganimda, odamlarni olib kelib shaharlaringizga o‘rnashtiraman. Vayrona bo‘lib yotgan xarobalaringiz tiklanadi.
Ular bu yerlarni ko‘rganda shunday deb aytishadi: “Vo, ajabo! Tashlandiq bo‘lib yotgan bu yerlar Adan bog‘iday yashnab ketibdi–ku! Huvullab yotgan xarob shaharlar mustahkam devorlar bilan o‘ralib, obod bo‘libdi–ku!”
Shunda atrofdagi omon qolgan xalqlar xarob shaharlarni Men, Egangiz qayta qurganimni, yalang maydonlarga Men ekin ekkanimni bilib olishadi. Men, Egangiz, aytgan bu so‘zlarimni albatta amalga oshiraman.”
Bayram arafasida Quddus ko‘chalari qurbonlik qilinadigan qo‘ylar bilan to‘lib–toshganiday, hozir vayron bo‘lib yotgan shaharlar ham odamlar bilan to‘lib–toshadi. O‘shanda Egasi Men ekanligimni xalqim bilib oladi.”