Egamiz menga shunday dedi: “Bu darvoza doim yopiq tursin, uni ocha ko‘rmanglar. Birorta odam bu darvozadan foydalanmasin. Men, Isroil xalqining Xudosi — Egangiz bu darvozadan kirganim uchun, u yopiqligicha qolsin.
Faqatgina hukmdoringiz shu darvoza binosining ichida o‘tirib, Mening huzurimda muqaddas taomni tanovul qilishi mumkin. Darvoza binosiga u dahliz orqali kirib, yana o‘sha yo‘l bilan chiqib ketadi.”
So‘ng o‘sha odam meni shimoliy darvoza orqali Ma’bad oldiga olib bordi. Vo ajabo! Egamizning ulug‘vorligi Ma’badni to‘ldirganini ko‘rdim! Men muk tushdim.
Egamiz menga dedi: “Ey inson, gaplarimni qulog‘ingga quyib ol. Men senga Ma’badimning qonun–qoidalarini tushuntiraman. Ma’badga kim kirishi mumkin–u, kim kirishi mumkin emasligini yaxshilab eslab qol.
Qurbonliklarning qoni va yog‘i Menga taqdim qilinayotgan paytda, sizlar yuragi va tanasi sunnat qilinmagan musofirlarni dargohimga olib kirib, Ma’badimni bulg‘adingiz. Jirkanch odatlaringiz bilan ahdimni buzdingiz.
Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Yuragi va tanasi sunnat qilinmagan bironta musofir Ma’badimga kirmaydi. Bu Isroil xalqi orasida yashagan musofirlarga ham taalluqlidir.”
Isroil xalqi haq yo‘ldan ozganda, ba’zi bir levilar ham Mendan yuz o‘girib, butlarga sig‘ina boshlagan edilar. Buning uchun Men ularni jazosiz qoldirmayman.
Ular Ma’badimda xizmat qilaveradilar: darvozabonlar bo‘ladilar, Ma’bad ichida xizmat qiladilar. Kuydiriladigan va boshqa qurbonliklar uchun keltirilgan hayvonlarni so‘yadilar, Ma’badga kelgan odamlarga xizmat qiladilar.
Ammo ular butlarga sajda qilgan Isroil xalqiga xizmat qilib, xalqni gunohga botirganlari uchun, Men, Egangiz Rabbiy, qasam ichib aytamanki, ular o‘z jazosini tortadilar.
Men ularni ruhoniylikdan chetlashtiraman. Ular endi na huzurimga kiradilar, na muqaddas narsalarimga, na eng muqaddas nazrlarimga qo‘l tekkizadilar. Jirkanch odatlari uchun tortadigan jazosi shu bo‘ladi, ular isnodga qoladilar.
Isroil xalqi Mendan yuz o‘girganda, Zodo‘x naslidan bo‘lgan levi ruhoniylari Ma’badimdagi xizmatlarini sadoqat bilan bajarib keldilar. Shunday ekan, ular doimo Mening xizmatimda bo‘ladilar. Huzurimda turib, qurbonliklarning qonini va yog‘ini Menga taqdim qiladilar”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy.
Ular Ma’badning ichki hovlisiga kirganlarida egnilariga zig‘ir matosidan tikilgan liboslarni kiyib olishsin. Ma’bad ichkarisida yoki ichki hovlida xizmat qilganlarida ustilarida bironta junli kiyim bo‘lmasin.
Tashqi hovliga, xaloyiq oldiga chiqishlaridan oldin xizmat vaqtida kiygan kiyimlarini yechib, muqaddas hujralarda qoldirishsin. Ustilariga boshqa kiyimlarni kiyib olishsin, toki muqaddas kiyimlarda xaloyiq oldiga chiqib, odamlarga shikast yetkazishmasin.
Xalqimga qozi bo‘lishsin, arzlarni qonunlarimga muvofiq hal etishsin. Men tayin etgan bayramlarga oid qonun va farmonlarimga rioya qilishsin. Shabbat kunini muqaddas saqlashsin.
Marhumga yaqinlashib bulg‘anmasin. Vafot etgan odam ruhoniyning otasi, onasi, farzandi, aka–ukasi yoki turmush qurmagan opa–singlisi bo‘lsagina, ruhoniy marhumga yaqinlashib, bulg‘anishi mumkin.
Ilk hosilning va hamma nazrlarning eng yaxshisi ruhoniylarniki bo‘lsin. Xamirning birinchi zuvalasidan yopilgan nonni ruhoniylarga nazr qilib beringlar, shunda Xudoning barakasi xonadoningizdan arimaydi.