Shirakayf bo‘lib qolgan shoh: “Katta bobom Navuxadnazar Quddusdagi Ma’baddan olib kelgan oltin va kumush qadahlar keltirilsin!” — deb buyurdi. Shoh beklari, xotinlari va kanizaklari bilan o‘sha qadahlardan sharob ichmoqchi edi.
Quddusdagi Ma’bad, ya’ni Xudoning uyidan olib kelingan oltin qadahlar bazmxonaga keltirildi. Shohning o‘zi, uning beklari, xotinlari va kanizaklari qadahlardan sharob ichishdi.
To‘satdan odam qo‘lining panjasi paydo bo‘lib, shoh saroyining devorlaridagi suvoqning ustida yoza boshladi. Saroy chiroqlari devorning o‘sha qismini yaxshi yoritib turgani uchun, shoh yozayotgan qo‘l panjasini ko‘rib qoldi.
Shoh baqirib, munajjim, afsungar va rammollarni keltirishni buyurdi. Ular hozir bo‘lganlarida, shoh shunday dedi: “Kim bu yozuvni o‘qib, uning ma’nosini menga tushuntirib bersa, men o‘sha odamning ustiga shohona safsar to‘n kiygizaman, bo‘yniga oltin zanjir taqib, chap qo‘l vazirim qilib tayinlayman.”
Ichkaridagi shovqin–suronni eshitib, bazmxonaga kirgan ona malika: “Shoh hazratlarining umri boqiy bo‘lsin! — dedi. — Shohim, shunchalik ham qo‘rqasizmi, qarang, axir, rangingizda rang qolmadi–ku!
Sizning shohligingizda muqaddas xudolarning ruhiga to‘lgan bir odam bor. Katta bobongiz davrida bu odam idrokli, zehni o‘tkir va xudolar kabi dono deb tan olingan edi. Katta bobongiz — shoh Navuxadnazar uni folbin, munajjim, afsungar va rammollarning boshlig‘i qilib tayinlagan edilar.
Doniyor ismli bu odam tushlarni ta’birlashda, sirlarni ochishda va jumboqlarni yechishda g‘ayritabiiy qobiliyat, bilim va fahm–farosatga egadir. Katta bobongiz uni Beltashazar deb atagan edi. Shohim, buyuring, Doniyorni bu yerga keltirishsin, u sizga bu yozuvning ma’nosini tushuntirib bergay.”
Men maslahatchilar va munajjimlarni huzurimga chaqirtirib, ularga mana bu yozuvni o‘qib, ma’nosini tushuntirib berishni buyurgan edim. Ammo ularning birontasi ham buning uddasidan chiqa olmadi.
Sen esa jumboqlarni yechib, ularni tushuntira olishingni eshitganman. Agar sen hozir bu yozuvni o‘qib, uning ma’nosini menga tushuntirib bersang, men sening ustingga shohona safsar to‘n kiygizaman, bo‘yningga oltin zanjir taqib, chap qo‘l vazirim qilib tayinlayman.
Doniyor shoh huzurida shunday javob berdi: — Ey, olampanoh, rahmat, sovg‘alaringiz o‘zingizda qolaversin yoki ularni boshqa birovga bera qoling. Men bu yozuvni shundoq ham o‘qib, uning ma’nosini tushuntirib beraman.
Xudo unga bergan ulug‘vorligi tufayli hamma odamlar — qaysi xalq, elat va urug‘dan bo‘lishlaridan qat’iy nazar, katta bobongizdan qo‘rqib qaltirar edilar. U xohlagan odamni o‘ldirar, xohlaganini tirik qoldirar, yuksaltirmoqchi bo‘lganini yuksaltirar, xor qilmoqchi bo‘lganini oyoq osti qilar edi.
U insonlar jamiyatidan haydalib, ongsiz hayvonday bo‘lib qolgandi. Yovvoyi eshaklar bilan yashab, mol singari o‘t bilan oziqlangan va osmondan tushgan shudringga cho‘milgandi. Oxiri katta bobongiz Xudoyi Taolo — inson saltanatining yagona Hukmdori ekanini va U taxtni xohlagan odamiga berishini tan olgan edi.
Siz haddingizdan oshib, Samoviy Xudoga qarshi bosh ko‘tardingiz! Xudo Ma’badining qadahlarini huzuringizga keltirib, beklaringiz, xotinlaringiz va kanizaklaringiz bilan mayxo‘rlik qildingiz. Hech narsa ko‘rmaydigan, hech narsa eshitmaydigan, hech narsa bilmaydigan oltin, kumush, bronza, temir, yog‘och va toshdan yasalgan xudolarni madh ayladingiz. Ammo sizga hayot beruvchi va oxiratingizni belgilovchi Xudoni ulug‘lamadingiz.
So‘ng Belshazar bergan amrga binoan, Doniyorga shohona safsar to‘n kiydirilib, bo‘yniga oltin zanjir taqildi va u shohning chap qo‘l vaziri deb e’lon qilindi.