Egamizning da’vosi bor bu yurt aholisiga, Ey Isroil xalqi, quloq tut Egamizning so‘ziga: “Bu yurt vafoyu sadoqatni bilmaydi, Ular Men, Xudoni tan olmaydi.
Qachon qaramasa la’nat aytishadi, Aldashadi, odam o‘ldirishadi, O‘g‘irlik qilib, fahsh ishlarga berilishadi. Hamma yoqda zo‘ravonlik, qotilliklar qilishadi.
Mana shuning uchun yurt qurib bormoqda, U yerda yashovchi xalq nobud bo‘lmoqda. Halok bo‘lmoqda yovvoyi hayvonlar, Ko‘kdagi qushlaru hatto dengizdagi baliqlar.
Ana, xalqim Meni bilmagani uchun nobud bo‘lmoqda. Bu sizning aybingiz, ey ruhoniylar! Axir, sizlar voz kechdinglar Meni bilishdan, Endi Men ham voz kechaman sizdan. Mening ruhoniylarim bo‘lmaysizlar! Sizlar Xudoyingizning qonunlarini unutdingizlar, Shuning uchun Men ham farzandlaringizni unutaman.
Ammo Men fohisha qizlaringni jazolamayman, Zinokor kelinlaringning adabini bermayman. Axir, erkaklarning o‘zi g‘arlar oldiga bormoqda, Sajdagoh fohishalari bilan ular qurbonliklar keltirmoqda. Aytilgan–ku, es–hushidan ayrilgan xalq nobud bo‘ladi, deya.
Isroil xalqi Menga bevafolik qilsa ham, Bu jinoyatga Yahudo xalqi qo‘l urmasin. Ular sajda qilgani Gilgalga bormasin, Bayt–Obunga ham oyoq bosmasin. ‘Xudo shohid’, deya qasam ichishmasin.