Sionda burg‘u chalinglar! Egamizning muqaddas tog‘ida bong uringlar! Titrasin Yahudoning jamiki ahli, Axir, kelyapti Egamizning kuni. U kunga oz vaqt qoldi.
Zimziyo zulmat kuni bo‘lur u kun, Bulut qoplagan tim qorong‘i bo‘lur u kun! Katta kuchli lashkar yurtni bosar, Yorishgan tongday tog‘lar uzra yoyilar. Bunaqasi azaldan hech sodir bo‘lgan emas, Bundan keyin ham hech qachon sodir bo‘lmas.
Alanga yutib borar ular oldidan, Olov guvullab yonar ular ortidan, Biron jonzot qochib qutulmas ulardan. Ilgari edi zamin Adan bog‘iday, Endi bo‘lib qoldi qaqroq sahroday.
Tog‘ cho‘qqilariga sakrab chiqishar, Jang aravasiday gumburlab chopar, Yonayotgan xas–cho‘p kabi chirsillar, Jangga tayyor bo‘lib saf tortgan Kuchli lashkarga o‘xshar ular.
Egamiz lashkarning boshida turar, Lashkariga O‘z sadosin berar. Naqadar behisob Uning qo‘shini, Uning amriga bo‘ysunadiganlar qudratli. Egamizning kuni chindan dahshatli! Bu vahimali kunga bardosh bergay kim?!
Kiyimingizni emas, bag‘ringizni yirtinglar.” Egangiz Xudoga qaytinglar, U inoyatli, Rahmdil, jahli tez chiqmaydi, sodiq sevgisi mo‘ldir, G‘azabidan tushib kechiradigan Xudodir.
Yig‘ing jamiki xalqni, Pok qiling jamoani. Chaqirtiring qariyalarni, Olib keling bolalaru emizikli go‘daklarni. Hatto yangi kelin–kuyovlar ham Chimildiqdan chiqib kelishsin.
Ma’badning ayvoni bilan qurbongoh orasida Yig‘lashsin Egamizning xizmatkor ruhoniylari, Yolvorishsin shunday deya Xudoga: “Ey Egamiz, shafqat qilgin xalqingga, Mulking bo‘lgan Isroil ellar aro kulgi bo‘lmasin. ‘Ularning Xudosi qani?!’ deya xalqlar bizni mazax qilmasin!”
Daf qilaman shimoldan kelgan lashkarlarni, Haydab solaman qaqroq, huvullagan sahroga ularni. O‘lik dengizga uloqtiraman ilg‘or qismlarini, O‘rta yer dengiziga suraman orqa qismlarini. Jasadlaridan qo‘lansa hid anqiydi.” Bajo qildi Egamiz buyuk ishlarini!
Ey Sion xalqi, xursand bo‘linglar, Egangiz Xudoning ishlaridan sevininglar. Sizlarga U yon bosib, yomg‘irni mo‘l yog‘dirdi. Oldingiday, kuz, bahorda yomg‘irni quydirdi.
Egamiz shunday deydi: “Zarar ko‘rdingiz qirg‘in keltiruvchi, Yemiruvchi chigirtkalar dastidan, Ekinzorlaringizni kemirib tashlagan Sakraydigan chigirtka galasi dastidan, Ko‘rgan zararingizni Men qoplayman. Bu kuchli lashkarni sizga qarshi Men yuborganman.
Endi sizlar xohlaganingizcha yeysiz, Sizlar uchun ajoyibotlar ko‘rsatgan Men, Egangiz Xudoga hamdu sano aytasiz. Ey xalqim, hech qachon sharmanda bo‘lmaysan endi!
So‘ngra O‘z Ruhimni yog‘diraman har bir inson ustiga, Vahiylar keladi yigitlaringizga. Bashorat qilurlar sizning o‘g‘il–qizlaringiz. Karomatli tushlar ko‘rurlar qariyalaringiz.
[30-31] Mening buyuk va dahshatli kunim kelishidan oldin, Men yeru osmonda alomatlarni ko‘rsataman. Yer yuzida qonni, olovni va tutun ustunlarini paydo qilaman. Quyosh qorayadi, oy qon tusiga kiradi.”
Shunda Xudo da’vat etgan odamlar omon qoladi. Ha, Egamizga iltijo qilgan har bir inson qutqariladi. Egamiz aytganiday, Sion tog‘iga va Quddusga qochib borganlar najot topishadi.