U Horunga dedi: “ Gunoh qurbonligi uchun bir nuqsonsiz buzoqni, kuydiriladigan qurbonlik uchun esa bir nuqsonsiz qo‘chqorni Egamizning huzuriga olib kel.
So‘ng Isroil xalqiga ayt, ular ham gunoh qurbonligi uchun bitta takani, kuydiriladigan qurbonlik uchun bir yoshli nuqsonsiz buzoqni va bir yoshli nuqsonsiz qo‘zini,
tinchlik qurbonligi uchun bitta buqani va bitta qo‘chqorni olib kelishsin. Ular bu jonivorlarni Egamizning oldida qurbonlik qilishsin. Bular bilan birga zaytun moyi aralashtirilgan don nazrini ham keltirishsin. Zotan Egamiz bugun ularga zohir bo‘ladi.”
So‘ng u Horunga dedi: “ Qurbongohning oldiga bor, o‘zingni va xalqni gunohdan poklash uchun gunoh qurbonligingni va kuydiriladigan qurbonligingni keltir. So‘ng xalqning qurbonliklarini ado etib, ularni gunohdan pokla. Egamizning amri shudir.”
O‘g‘illari Horunga qurbonlikning qonidan olib tutdilar. U barmog‘ini qonga botirib, qurbongohning shoxlariga surtib chiqdi, qonning qolganini esa qurbongohning yoniga to‘kdi.
Keyin Horun kuydiriladigan qurbonlikni so‘ydi. Horunning o‘g‘illari unga qurbonlik qonidan tutdilar. Horun qonni qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqdi.
So‘ng o‘g‘illari kuydiriladigan qurbonlikning bo‘laklari va kallasini Horunga birin–ketin berdilar. Horun bularning hammasini qurbongoh ustida kuydirdi.
Keyin Horun xalqning qurbonliklarini keltirdi. O‘zining gunohi uchun qurbonlik qilgani singari xalqning gunohi uchun ham takani so‘yib qurbonlik qildi.
Horun xalqning tinchlik qurbonligi uchun keltirgan buqa va qo‘chqorni so‘ydi. Uning o‘g‘illari tinchlik qurbonligining qonidan olib, Horunga tutdilar. Horun qonni qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqdi.
Shundan keyin Horun qo‘llarini xalq tomon cho‘zib ularni duo qildi. Horun gunoh qurbonligini, kuydiriladigan qurbonlikni va tinchlik qurbonligini ado etgach, qurbongohdan pastga tushdi.
Muso bilan Horun Uchrashuv chodiriga kirishdi, chodirdan qaytib chiqqanlaridan keyin xalqni duo qilishdi. Shunda Egamizning ulug‘vorligi xalqqa zohir bo‘ldi.
Egamizning huzuridan olov chiqib, qurbongoh ustidagi kuydiriladigan qurbonlikni va yog‘larni yamlab yubordi. Xalq buni ko‘rgach, hayqirib yubordi–da yerga muk tushdi.