Ey Quddusda rohat–farog‘atda yashaganlar, holingizga voy! Ey Samariya tog‘ida bexatar bo‘lganlar, holingizga voy! Sizlar o‘zlaringizni eng sara xalqning obro‘li odamlari deb bilasizlar, Bizga bosh bo‘linglar, deb Isroil xonadoni sizning oldingizga keladi.
Qalney shahriga borib, uning ahvolini ko‘ringlar. U yerdan buyuk Xomat shahriga o‘tib, holini bilinglar. Filist xalqining Gat shahriga ham borib ko‘ringlar. Sizlarning bu shohliklardan afzalroq joyingiz bormidi?! Yoki yurtingiz ularnikidan kattaroqmidi?!
Egamiz Rabbiy O‘z nomini o‘rtaga qo‘yib ont ichdi, Ha, Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda: “Men Yoqub naslining takabburligidan nafratlanaman, Ularning qal’alaridan hazar qilaman. Samariya shahrini va u yerdagi hamma narsani Men dushmanning qo‘liga beraman.”
Ularning yaqin qarindoshi va go‘rkov marhumlarni dafn qilmoqchi bo‘lib kelishadi. Yaqin qarindoshi jasadlarni olib chiqqanda go‘rkovdan: “Yana jasadlar bormi?” deb so‘raydi. Go‘rkov: “Yo‘q”, deb javob beradi. Keyin esa: “Jim! Egamizning nomini tilga olmaylik!” deb aytadi.
Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda: “Ey Isroil xalqi, qaranglar! Men sizlarga qarshi bir xalqni qo‘zg‘atdim. Ular Levo–Xomatdan to Araba tekisligigacha sizlarni ezadilar.”