Sho‘rim quridi! Yozgi mevalar yig‘ib olingach, Uzumzor hosili yig‘ishtirilgach, Toklardan bir bosh uzum ham topa olmagan, Bir dona anjirga zor bo‘lgan odamdayman men.
Xudojo‘y yo‘q bo‘ldi bu yurtda, To‘g‘ri odam qolmadi insonlar orasida. Qon to‘kaman, deb odamlar bir–birini poylaydi, Hattoki qarindosh qarindoshiga tuzoq qo‘yadi.
Ularning himmatlisi yantoqqa o‘xshaydi, Vijdonlisi bir uyum tikandan qolishmaydi. Ey Isroil xalqi, Soqchilar sizlarga e’lon qilgan kun yaqinlashdi, Ha, jazo oladigan kuningiz yetib keldi. Hammangiz sarosimaga tushadigan vaqt bo‘ldi.
Gunoh qildim men Egamga qarshi, Uning qahriga dosh beraman endi. Bir kun U mening tarafimni oladi, Mening haqligimni isbot etadi. Yorug‘likka olib chiqadi U meni, Ko‘raman men Xudoning adolatini.
Ey dushmanlarim, albatta buni ko‘rasiz. “Egang Xudo qani?!” deb meni masxara qildingiz, Endi siz sharmandayi sharmisor bo‘lasiz. Men ko‘zlarim bilan ko‘raman sizning qulashingizni, Oyoq osti bo‘lasizlar ko‘chadagi loy kabi.
O‘sha kuni oldingga odamlar keladi. Ular Ossuriyadan Misrgacha, Misrdan Furot daryosigacha Bo‘lgan barcha o‘zga yurtlardan, Uzoq dengiz sohillaridan, Olis tog‘lar bag‘ridan kelishadi.
Ey Egam, O‘z xalqingning cho‘poni bo‘lgin, O‘z suruvingni tayog‘ing bilan boshqargin, Ularning yon–atrofi ko‘m–ko‘k yaylovlar, Biroq o‘rmonda yolg‘iz yashayapti ular. Uzoq o‘tmishdagiday ularni o‘tlatgin, Bashan va Gilad yaylovlarida ularni to‘yg‘azgin.
Ey Egam, ajoyibotlaring oldida xalqlar Buyuk lashkarlarining ojizligini ko‘rib, sharmanda bo‘ladilar. Qo‘llari bilan yuzlarini berkitadilar. Ularning quloqlari garang bo‘lib qoladi.
Ilon kabi ular tuproq yalaydi, Sudraluvchi maxluqlar kabi tuproq oshaydi. Ey Egamiz Xudo, ular titrab–qaqshab, O‘z uyalaridan Sening oldingga chiqadilar. Sening huzuringda dahshatga tushadilar.
Ey Xudo, Senga o‘xshashi bormikan?! Xalqingdan omon qolganlarning Gunohlarini Sen kechirasan, Ularning itoatsizligini afv etasan. To abad g‘azablanmassan xalqingdan, Zavq olasan rahm–shafqat ko‘rsatishdan.