Ey Naynavo, o‘zingni buzuq fohishaday tutding, Suyuqoyoq jodugarday odamlarni rom qilding, Buzuqliging bilan xalqlarni qul qilding, Sehr–jodularing bilan o‘zingga og‘dirding.
No‘ shahridan sening ortiq joying bormidi?! O‘sha shahar Nil daryosi bo‘yida joylashgandi, Suvlar qurshovida turgandi, Daryo — uning istehkomi, Suvlar — himoyasi bo‘lgandi.
Shunday bo‘lsa–da, No‘ shahrining aholisi surgun qilindi, Odamlari asirlikka olib ketildi, Har bir ko‘chaning boshida Toshga urib o‘ldirildi go‘daklari, Aslzodalari uchun qur’a tashlandi, Barcha zodagonlari zanjirband bo‘ldi.
Lashkaringga bir qarasang–chi! Xotin kishidan farqi yo‘q–ku ularning. Yurtingning darvozalari yov uchun keng ochildi, Darvozalarning tambalarini olov yo‘q qildi.
Sovuq kunda devorlarga qo‘nadigan, Quyosh chiqqach esa uchib yo‘q bo‘ladigan Chigirtkadaydir sening posbonlaring, Chigirtka galasidaydir sening a’yonlaring. Ular qayerga g‘oyib bo‘lganini bilmaydi hech kim.
Sening yarangni davolab bo‘lmas, Jarohating halokatlidir. Bu haqda xabar topgan hamma odamlar Xursandligidan chapak chalar. Zotan hech kim cheksiz zulmingdan Qochib qutula olmagan.