Mo‘ab oqsoqollari Midiyon oqsoqollariga: — Ho‘kiz daladagi o‘tlarni yeb bitirgani singari, anavi olomon ham tevarak–atrofimizdagi hamma narsani yeb bitiradi–ku! — dedi. O‘sha davrda Mo‘abda hukmronlik qilayotgan Zippur o‘g‘li Boloq,
Bavo‘r o‘g‘li Balomni chaqiray, deb uning oldiga choparlar jo‘natdi. Balom o‘z ona yurti, Furot daryosi qirg‘og‘idagi Pato‘r shahrida istiqomat qilar edi. Boloq Balomga shunday deb da’vat qildi: “Misrdan chiqqan bir xalq yer yuzini bosib ketdi. Endi esa ular shundoqqina mening biqinimda o‘rnashib olishdi.
Men ularga bas kela olmayman. Sen kelib, o‘sha xalqni men uchun la’natla. Balki shunda men Isroil xalqini mag‘lub qilib, yurtimdan quvib chiqara olarman. Shuni bilamanki, sen kimni duo qilsang, o‘sha duo oladi, kimni la’natlasang, o‘sha la’nati bo‘ladi.”
Shunday qilib, Mo‘ab va Midiyon oqsoqollari Balomning oldiga ketar ekanlar, unga to‘lanadigan la’nat haqini ham o‘zlari bilan olib ketdilar. Ular Balomning huzuriga kelishgach, unga Boloqning gaplarini aytishdi.
“Misrdan chiqqan bir xalq yer yuzini bosib ketdi, bu yoqqa kel, o‘sha xalqni men uchun la’natla, balki o‘shandagina men u xalqqa zarba berib, o‘z yurtimdan quvib chiqara olarman.”
Balom esa Boloqning a’yonlariga shunday javob berdi: — Boloq menga saroyidagi hamma oltinu kumushini bersa ham, men Egam Xudoning amridan chetga chiqa olmayman. Hatto kichik masalada ham o‘z ixtiyorim bilan ish tuta olmayman.
Shu kecha Xudo Balom oldiga kelib, unga dedi: — Agar bu odamlar seni o‘zlari bilan olib ketgani kelgan bo‘lsalar, otlangin–u, ular bilan birga ket. Lekin sen faqat Mening aytganimni qilasan.
Balom ketganda, Xudo qattiq g‘azablandi. Egamizning farishtasi Balomga qarshilik ko‘rsatish uchun uning yo‘lini to‘sib oldi. Balom eshagini minib, yonidagi ikkita xizmatkori bilan yo‘lda ketayotgan edi.
Birdaniga eshak yo‘l ustida qilich yalang‘ochlab turgan Egamizning farishtasini ko‘rib qoldi–da, yo‘lidan burilib, dala ichiga kirib ketdi. Balom esa eshakni yo‘lga solish uchun savalay boshladi.
— Axir, sen meni ilgaridan minib yurasan–ku! Men sening o‘sha–o‘sha eshagingman. Oldin ham shunaqa qiliq qilganmidim?! — dedi eshak. — Yo‘q, — dedi Balom.
Shu on Egamiz Balomning ko‘zini ochib yuborgan edi, u yo‘lda turgan Egamizning farishtasini ko‘rib qoldi. Farishta qo‘lida qilichini yalang‘ochlab turardi. Balom yerga muk tushdi.
Egamizning farishtasi Balomga dedi: — Nimaga sen eshagingni uch marta urding? Tutgan yo‘ling Mening nazarimda egri bo‘lgani uchun, Men senga qarshilik ko‘rsatish maqsadida keldim.
Eshaging esa meni ko‘rdi–yu, uch marta o‘zini chetga olib qochdi. Agar u mening oldimdan burilib ketmaganda edi, Men seni o‘ldirib, eshagingni tirik qoldirgan bo‘lardim.
— Gunoh qildim, — dedi Balom Egamizning farishtasiga. — Sen yo‘limni to‘sib turganingni bilmabman. Agar men sening nazaringda noma’qul ish qilayotgan bo‘lsam, uyimga qaytib ketaman.
— Shu odamlar bilan birga boraver. Lekin sen faqat Men aytgan gaplarimni gapirasan, — dedi Egamizning farishtasi. Shunday qilib, Balom Boloqning a’yonlari bilan birga ketaverdi.
Boloq Balomning kelayotganini eshitdi–yu, uni kutib olish uchun Ir shahriga yetib keldi. Bu shahar Arnon soyligi bo‘yida, Mo‘ab yurtining chegarasida joylashgan edi.
Boloq Balomga dedi: — Men sening oldingga bundan oldin ham odamlarimni yuborgan edim–ku! Nimaga o‘shanda kela qolmading? Yo meni, yetarli darajada taqdirlay olmaydi, deb o‘yladingmi?