levilarga gunohdan poklaydigan suvni sep. Ular ustara bilan butun badanlarini qirib tozalashsin, kiyimlarini yuvishsin. Shundan so‘ng ular pok bo‘lishadi.
So‘ngra ular buqani va buqaga qo‘shib nazr qilinadigan zaytun moyi aralashtirilgan sifatli unni olib kelishsin. Bundan tashqari, boshqa bir buqani gunoh qurbonligi qilish uchun olib kelishsin.
Levilar qo‘llarini buqalarning boshiga qo‘yishsin. Horun bir buqani gunoh qurbonligi, ikkinchi buqani esa kuydiriladigan qurbonlik qilib, levilarni gunohlardan poklasin.
Men levilarni Isroil xalqi orasidan O‘zim uchun olganman. Ularni O‘zim uchun, Isroil ayollaridan tug‘ilgan barcha to‘ng‘ich o‘g‘illari o‘rniga olganman.
Chunki Isroil xalqining hamma to‘ng‘ichlari — odamning to‘ng‘ich o‘g‘lidan tortib mollarning birinchi erkak bolasigacha Menikidir. Misrda hamma to‘ng‘ichlarni nobud qilgan kunim Men Isroil xalqining to‘ng‘ich o‘g‘illarini O‘zim uchun ajratib olganman.
Levilarni Isroil xalqi orasidan ajratib olib, Horun va uning o‘g‘illari ixtiyoriga topshirganman. Levilar Isroil xalqi nomidan Uchrashuv chodirida xizmat qilib, ularni chodirga yaqin kelib qolishidan yuz beradigan kulfatdan himoya qiladi.”
Shundan keyin levilar Horun va uning o‘g‘illari nazorati ostida Uchrashuv chodirida xizmat ado etish uchun u yerga kirdilar. Shunday qilib, Egamiz levilar haqida Musoga qanday amr etgan bo‘lsa, Isroil xalqi uning amrlarini ado etdi.
Xizmatidan bo‘shagan levilar Uchrashuv chodirida xizmat qilayotgan birodarlariga yordam berishlari mumkin. Lekin biror ish uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yinlariga olishmasin. Levilarning majburiyatlarini shu yo‘l bilan aniqlab ber.”