Isroil xalqi birinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni oqshomda Sinay sahrosida Fisih ziyofatini nishonladi. Ular hamma narsani Egamizning Musoga bergan amri bo‘yicha qilishdi.
Biroq odam murdasiga tegib harom bo‘lganlar o‘sha kuni Fisih ziyofatida ishtirok etisha olmadi. Ular o‘sha kuniyoq Muso bilan Horunning huzuriga kelib shunday deyishdi:
— Biz murdaga tekkanimiz uchun harommiz. Lekin nima uchun biz chetda qolishimiz kerak? Biz ham, Isroil xalqi qatori, belgilangan vaqtda Egamizga qurbonlik keltirmoqchimiz!
— Isroil xalqiga Mening shu gapimni yetkaz: “Birortangiz yoki avlodlaringizdan kimdir murdaga tegib harom bo‘lsa yoki safarga ketgan bo‘lsa, Egamizga bag‘ishlangan Fisih ziyofatini nishonlayversin.
Bunday odamlar bayramni ikkinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni oqshomda nishonlab, qurbonlik go‘shtini xamirturushsiz non va taxir o‘tlar bilan birga yeyishsin.
Lekin bironta odam pok bo‘lib, safarda bo‘lmasa va shunga qaramay, Fisih ziyofatini nishonlashdan bosh tortsa, belgilangan vaqtda Egamizga bag‘ishlab qurbonlik qilmagani uchun Isroil xalqi orasidan yo‘q qilinsin. Shunday qilib, u o‘z gunohi uchun jazosini tortadi.
Orangizda yashayotgan musofir Egamizga bag‘ishlangan Fisih ziyofatini nishonlamoqchi bo‘lganda, o‘sha qonun–qoidalarga rioya qilishi lozim. Hammangiz uchun — sizlar va musofirlar uchun qonun bitta bo‘lsin.”
Muqaddas chodir o‘rnatilgan kuni chodirni bulut qoplab oldi. Oqshomdan ertalabgacha Muqaddas chodir tepasidagi bulutning ko‘rinishi alangaga o‘xshar edi.
Isroil xalqi Egamizning amri bilan yo‘lga chiqar va Egamizning amri bilan chodir tikardi. Bulut Muqaddas chodir tepasida turgan vaqt mobaynida, ular ham joylaridan siljimas edilar.
Ba’zan esa bulut chodir tepasida ozroq kun turardi. Bunday paytda ham Isroil xalqi Egamizning amriga muvofiq to‘xtardi, Uning amri bilan yo‘lga chiqardi.
Ayrim vaqtlarda esa bulut chodir tepasida bor–yo‘g‘i bir kechagina turib, ertalab ko‘tarilar edi. Shunda Isroil xalqi ham yo‘lga chiqardi. Bulut ko‘tarilgan payti, kechasi bo‘ladimi, kunduzi bo‘ladimi, Isroil xalqi ham yo‘lga chiqardi.
Ba’zan bulut ikki kun, bir oy yoki uzoqroq vaqt mobaynida chodir tepasida turib qolardi. Shunda Isroil xalqi ham qarorgohda qolib, yo‘lga chiqmasdi. Bulut ko‘tarilgandan so‘ng Isroil xalqi yo‘lga chiqardi.