Муқаддас Китоб 2016 (UZLBC)
|
| 1 |
| Iso O‘zining o‘n ikki havoriysini yoniga chaqirib, ularga yovuz ruhlarni quvib chiqarish va har qanday dardu xastaliklarni sog‘aytirish qudratini berdi. |
| 2 |
| Bu o‘n ikki havoriyning ismlari quyidagichadir: birinchisi Butrus deb atalgan Shimo‘n, uning ukasi Idris, Zabadiyning o‘g‘illari Yoqub va Yuhanno, |
| 3 |
| Filip, Bartolomey, To‘ma, soliqchi Matto, Alfey o‘g‘li Yoqub, Taddey, |
| 4 |
| vatanparvar Shimo‘n va Isoga xoinlik qilgan Yahudo Ishqariyot. |
| 5 |
| Iso o‘n ikki havoriyni jo‘natayotib, ularga quyidagicha ko‘rsatmalar berdi: “G‘ayriyahudiylar yashaydigan joylarga oyoq bosmanglar, Samariyaliklarning shaharlariga kirmanglar. |
| 6 |
| Aksincha, adashgan qo‘ylarga o‘xshagan Isroil xalqi oldiga boringlar. |
| 7 |
| Borganlaringizda: “ Osmon Shohligi yaqinlashdi”, deb e’lon qilinglar. |
| 8 |
| Xastalarni sog‘aytiringlar, o‘liklarni tiriltiringlar, teri kasalligiga chalinganlarni pok qilinglar, jinlarni quvib chiqaringlar. Tekin oldingizlar, tekin beringlar. |
| 9 |
| Belbog‘laringizga oltin, kumush, hatto mis chaqa ham qistirib olmanglar. |
| 10 |
| Yo‘lga to‘rva ham, qo‘shimcha kiyim ham, choriq ham, hassa ham olmanglar. Chunki mehnatkash o‘zining non–nasibasiga munosibdir. |
| 11 |
| Qaysi shahar yoki qishloqqa kirsangiz, u yerda munosib odamni topib, ketguningizcha o‘sha odamning uyida turinglar. |
| 12 |
| Uyga kirganingizda: “Xonadoningizda tinchlik–omonlik bo‘lsin”, deb aytinglar. |
| 13 |
| Agar u munosib xonadon bo‘lsa, siz tilagan tinchlik o‘sha xonadonda qoladi. Agarda munosib bo‘lmasa, tilagan tinchligingiz o‘zingizga qaytib keladi. |
| 14 |
| Agar kim sizni qabul qilmasa va so‘zlaringizga quloq solmasa, o‘sha uydan yoki shahardan chiqib ketayotganingizda oyoqlaringizdagi changni qoqib ketinglar. |
| 15 |
| Sizga chinini aytaman: qiyomat kunida o‘sha shaharning holi Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlarining holidan ham battar bo‘ladi.” |
| 16 |
| “Men sizlarni bo‘rilar orasiga qo‘ylarday yuboryapman. Sizlar ilonday ziyrak, kaptarday oq ko‘ngil bo‘linglar. |
| 17 |
| Insonlardan ehtiyot bo‘linglar. Chunki ular sizlarni mahkamalarga topshirib, sinagogalarda kaltaklaydilar. |
| 18 |
| Men tufayli sizlarni hokimlar va shohlar huzuriga olib boradilar, sizlar esa ularga va g‘ayriyahudiylarga Men haqimdagi Xushxabarni aytasizlar. |
| 19 |
| Sizlarni mahkamaga olib borishganda: “Qanday gapiramiz, nima aytamiz”, deb xavotir olmanglar. Nimani gapirishlaringiz o‘sha vaqtda sizlarga bildiriladi. |
| 20 |
| O‘shanda sizlar emas, balki Otangizning Ruhi sizlar orqali gapiradi. |
| 21 |
| Aka ukasini, ota bolasini o‘limga topshiradi. Bolalar o‘z ota–onalariga qarshi chiqib, ularni o‘ldirtiradilar. |
| 22 |
| Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Lekin oxirigacha bardosh bergan najot topadi. |
| 23 |
| Agar sizlarni bir shaharda quvg‘in qilsalar, boshqasiga qochib boringlar. Sizlarga chinini aytayin: sizlar Isroilning shaharlarini aylanib chiqishga ulgurmasingizdan, Inson O‘g‘li qaytib keladi. |
| 24 |
| Shogird ustozidan ustun emas, qul ham o‘zining xo‘jayinidan ustun emas. |
| 25 |
| Shogird ustoziday, qul xo‘jayiniday bo‘lsa kifoya. Agar uy egasini Baalzabul, ya’ni ins–jinslar hukmdori, deb atagan bo‘lishsa, uy ahlini undan battar nom bilan atashadi!” |
| 26 |
| “Shunday bo‘lsa–da, odamlardan qo‘rqmanglar! Axir, har qanday yashirin narsa ma’lum bo‘ladi, har qanday sir ochiladi. |
| 27 |
| Sizga qorong‘ida gapirayotganlarimni yorug‘da aytinglar. Qulog‘ingizga shivirlab aytganlarimni uylarning tomi ustidan baqirib, e’lon qilinglar. |
| 28 |
| Tanani o‘ldirib, jonni o‘ldira olmaydiganlardan qo‘rqmanglar. Xudodan qo‘rqinglar! Chunki U jonni ham, tanani ham do‘zaxda halok etishga qodir. |
| 29 |
| Ikkita chumchuq bir tangaga sotiladi, shunday emasmi? Biroq bularning birontasi ham Otangizning xohishisiz yerga tushmaydi. |
| 30 |
| Sizlarning esa hatto boshingizdagi har bir tola sochingiz sanalgan. |
| 31 |
| Shuning uchun qo‘rqmanglar, sizlar ko‘plab chumchuqlardan qadrliroqsizlar.” |
| 32 |
| “Kim Meni insonlar oldida tan olsa, Men ham osmondagi Otamning oldida uni tan olaman. |
| 33 |
| Ammo kim insonlar oldida Meni rad etsa, Men ham osmondagi Otamning oldida uni rad etaman. |
| 34 |
| Meni yer yuziga tinchlik olib kelgan, deb o‘ylamanglar. Men tinchlik emas, qilich olib kelganman. |
| 35 |
| O‘g‘ilni otasidan, qizni onasidan, kelinni qaynanasidan ajratish uchun kelganman. |
| 36 |
| Insonning dushmanlari o‘z uyidagilar bo‘ladi. |
| 37 |
| Kimki otasini yoki onasini Mendan ortiq yaxshi ko‘rsa, Menga loyiq emas. Kimki o‘g‘lini yoki qizini Mendan ortiq yaxshi ko‘rsa, Menga loyiq emas. |
| 38 |
| Kimki o‘z xochini olib, ortimdan yurmasa, Menga loyiq emas. |
| 39 |
| O‘z jonini ayamoqchi bo‘lgan uni yo‘qotadi. Men uchun jonini bergan esa, uni asrab qoladi. |
| 40 |
| Sizni qabul qilgan odam Meni qabul qilgan bo‘ladi. Meni qabul qilgan esa Meni Yuborganni qabul qilgan bo‘ladi. |
| 41 |
| Kimki payg‘ambarni payg‘ambar bo‘lgani uchun qabul qilsa, payg‘ambarga munosib mukofotni oladi. Kimki solih odamni solih bo‘lgani uchun qabul qilsa, solihga munosib mukofotni oladi. |
| 42 |
| Agar siz shogirdlarimning eng kichigiga u Mening shogirdim bo‘lgani uchun bir piyola sovuq suv bersangiz, albatta mukofotingizni olasiz, deb sizga chinini aytaman.” |
|
| Eslatmalarni Saqlash |
https://beblia.bible:81/BibleAudio/uzbekuzlbc/matthew/010.mp3
28
10