[13-14] “Holingizga voy, ey tafsirchilar va farziylar! Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Axir, sizlar odamlar kirmasin deb, Osmon Shohligi eshiklarini berkitib qo‘yyapsizlar. U yerga o‘zlaringiz ham kirmayapsizlar, kirmoqchi bo‘lganlarni ham kirgizmayapsizlar.
Holingizga voy, ey tafsirchilar va farziylar! Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Axir, sizlar hech bo‘lmasa bir kishini o‘z diningizga kiritish uchun dengizu quruqlikni kezib chiqasizlar. Niyatingizga erishganingizda esa, uni o‘zingizdan besh battar do‘zaxi odam qilasizlar.
Ey ko‘r yetakchilar, holingizga voy! Sizlar: “Kim Ma’bad haqi deb qasam ichsa, u qasamini bajarmasa ham bo‘ladi, ammo kim Ma’bad oltini haqi deb qasam ichsa, o‘z qasamini bajarishi shart”, — deysiz.
Yana sizlar shunday deb aytasizlar: “Kim qurbongoh haqi deb qasam ichsa, u qasamini bajarmasa ham bo‘ladi, ammo kim qurbongohdagi qurbonlik haqi, deb qasam ichsa, qasamini bajarishi shart”, — deysizlar.
Holingizga voy, ey tafsirchilar va farziylar! Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Sizlar yalpiz, ukrop va ziradan ushr berasizlar, ammo Qonunning adolat, shafqat va imon kabi eng muhim ta’limotlarini pisand qilmaysizlar. Bularning birini bajara turib, ikkinchisini ham tashlab qo‘ymasligingiz kerak edi.
Holingizga voy, ey tafsirchilar va farziylar! Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Sizlar piyolayu laganingizning sirtini tozalaysizlar–u, ammo ichi ochko‘zlik va xudbinlikka to‘la.
Holingizga voy, ey tafsirchilar va farziylar! Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Chunki sizlar ohaklangan qabrlarga o‘xshaysizlar: qabrlarning tashqi tomoni chiroyli, ammo ichi murdalarning suyaklariga va har xil iflosliklarga to‘la.
Ana shu sababdan Men oldingizga payg‘ambarlarni, donishmandu ustozlarni yuboraman. Ammo sizlar ularning ba’zilarini o‘ldirasizlar, ba’zilarini xochga mixlaysizlar, boshqalarini esa sinagogalaringizda qamchilab, shaharma–shahar quvg‘in qilasizlar.
Natijada o‘ldirilgan hamma begunoh odamlarning qoni uchun sizlar jazo tortasizlar. Hobilning to‘kilgan qonidan tortib, qurbongoh bilan Ma’bad orasida siz o‘ldirgan Baraxiya o‘g‘li Zakariyoning qoni sizning gardaningizda bo‘ladi.
Eh Quddus, Quddus! Payg‘ambarlarni qatl etib, huzuriga yuborilganlarni toshbo‘ron qiluvchi shahar! Tovuq o‘z jo‘jalarini qanotlari ostiga qanday to‘plasa, Men ham sening xalqingni bir necha marta shunday to‘plamoqchi bo‘ldim. Lekin sen istamading.