Xamirturushsiz non bayramining birinchi kunida shogirdlar Isoning oldiga kelib dedilar: — Fisih taomini qayerda yemoqchisiz? Biz borib tayyorgarlik ko‘raylik.
Iso dedi: — Shaharga falonchining oldiga borib, unga shunday deb aytinglar: Ustozimiz sizga: “Vaqtim yetdi. Men Fisih ziyofatini shogirdlarim bilan sizning uyingizda o‘tkazmoqchiman”, deb aytib yubordilar.
Ha, Inson O‘g‘li U haqda yozilganday jon beradi. Ammo Inson O‘g‘liga xiyonat qilgan odamning holiga voy! Uning tug‘ilganidan ko‘ra tug‘ilmagani yaxshiroq edi.
Sizlarga shuni aytay: bir kun kelib, Men sizlar bilan birga Otamning Shohligida yangi sharob ichaman. Ammo o‘sha kun kelmaguncha endi sharobni og‘zimga ham olmayman.
Iso shogirdlariga dedi: — Bugun kechasi hammalaringiz Meni tashlab, qochib ketasizlar. Chunki yozilgan: “Men cho‘ponni o‘ldiraman, Shunda suruvdagi qo‘ylar har yoqqa tarqalib ketadi.”
Shundan keyin Iso shogirdlari bilan Getsimaniya degan joyga bordi. Iso shogirdlariga: — Shu yerda o‘tirib turinglar, Men nariroqqa borib, ibodat qilaman, — dedi.
So‘ng bir oz nari ketib, yerga muk tushdi–da, shunday deb yolvordi: — Ey Otam, agar iloji bo‘lsa, bu azob kosasi Meni chetlab o‘tsin. Ammo Mening xohishim emas, Sening xohishing bajo bo‘lsin.
Iso ikkinchi marta ketib, shunday deb iltijo qildi: — Ey Otam! Agar bu azob kosasidan qutulishimning iloji bo‘lmasa, mayli, Men o‘sha kosadan ichaman. Sening xohishing bajo bo‘lsin.
So‘ng U shogirdlari yoniga qaytib kelib, ularga dedi: — Haligacha dam olib, uxlab yotibsizlarmi?! Mana, vaqt–soati keldi, Inson O‘g‘li gunohkorlar qo‘liga tutib berilyapti.
Iso hali gapirib bo‘lmasidan, Yahudo kelib qoldi. U o‘n ikki shogirddan biri bo‘lib, uning yonida qilich va tayoq ko‘tarib olgan olomon bor edi. Bu olomonni bosh ruhoniylar va oqsoqollar yuborgan edilar.
Shundan so‘ng Iso olomonga dedi: — Men qaroqchimidim, Meni olib ketgani qilichu tayoqlar bilan kelibsizlar?! Men har kuni Ma’bad hovlisida ta’lim berardim. Sizlar o‘shanda Meni qo‘lga olmadingizlar.
Ammo bularning hammasi payg‘ambarlarning Muqaddas Bitiklardagi bashoratlari bajo bo‘lishi uchun ro‘y berdi. O‘shanda hamma shogirdlari Isoni qoldirib, qochib ketishdi.
Butrus esa Isoga uzoqdan ergashib, oliy ruhoniyning hovlisigacha keldi. Butrus ichkariga kirib, oxiri nima bilan tugarkin, deb kuzatish uchun soqchilarning yoniga o‘tirdi.
Iso unga: — Gapingiz to‘g‘ri, — dedi. — Bundan buyon sizlar Inson O‘g‘lini Qodir Xudoning o‘ng tomonida o‘tirganini va osmon bulutlarida kelayotganini ko‘rasizlar.
Shunda oliy ruhoniy kiyimlarini yirtib dedi: — U kufrlik qilyapti–ku! Bizlarga boshqa guvohlarning nima keragi bor?! Uning kufrlik qilganini hozirgina o‘zlaringiz eshitdingizlar.