Sizlar yerning tuzisizlar. Lekin tuz o‘z ta’mini yo‘qotsa, uni yana qanday sho‘r qilib bo‘ladi? Bunday tuz boshqa hech narsaga yaramaydi, uni oyoq ostiga tashlab yuborishadi.
Hech kim chiroqni yoqib, ustini idish bilan yopib qo‘ymaydi. Aksincha, uni chiroqpoyaga qo‘yishadi, shunda chiroq uydagilarning hammasiga yorug‘lik beradi.
Sizga chinini aytayin: yeru osmon yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Ammo Tavrotdagi na bir harf, na bir nuqta o‘chadi. Unda yozilgan hamma narsa amalga oshadi.
Shu bois kim bu amrlarning eng kichigiga ham rioya qilmay, uni boshqalarga buzib o‘rgatsa, Osmon Shohligida eng kichik bo‘ladi. Lekin kim bu amrlarni bajarib, boshqalarga o‘rgatsa, Osmon Shohligida buyuk bo‘ladi.
Sizlarga aytib qo‘yay: agar sizlarning solihligingiz Tavrot tafsirchilari va farziylarning solihligidan ustun kelmasa, sizlar hech qachon Osmon Shohligiga kirolmaysizlar.
Lekin Men sizlarga aytaman: hattoki birodaridan g‘azablangan odam ham hukm qilinadi. Birodarini haqoratlagan odam oliy mahkamada javob beradi. Birodariga: “Ahmoqsan”, degan esa, do‘zax oloviga tashlanadi.
Birov sizni ayblab qozixonaga olib borsa, vaqtni boy bermay, yo‘ldayoq ayblovchingiz bilan kelishib oling. Aks holda, ayblovchingiz sizni qozi oldiga olib boradi, qozi esa sizni mirshabga topshiradi. Sizni zindonga tashlashadi.
Bordi–yu, o‘ng ko‘zingiz gunoh qilishingizga sababchi bo‘lsa, uni o‘yib olib, uloqtirib yuboring. Butun badaningiz do‘zaxga tashlangandan ko‘ra, a’zolaringizdan bittasi yo‘q bo‘lgani siz uchun yaxshiroqdir.
Agar o‘ng qo‘lingiz gunoh qilishingizga sababchi bo‘lsa, uni kesib tashlab, uloqtirib yuboring. Butun badaningiz do‘zaxga yo‘liqqandan ko‘ra, a’zolaringizdan bittasi yo‘q bo‘lgani siz uchun yaxshiroqdir.
Lekin Men sizlarga aytaman: kim bevafolik aybidan boshqa sabab tufayli o‘z xotini bilan ajrashsa, unga zino qilishga sabab topib beradi. Shuningdek, kim ajrashgan xotinga uylansa, zino qilgan bo‘ladi.
Shunda siz osmondagi Otangizning o‘g‘illari bo‘lasizlar. Chunki U O‘z quyoshini yovuzlar ustida ham, yaxshilar ustida ham balqitadi, yomg‘irini solihlar ustiga ham, fosiqlar ustiga ham yog‘diradi.