Nogiron odam Isoga shunday javob berdi: — Taqsir, suv qimirlaganda meni hovuzga tushiradigan odam yo‘q. Men borgunimcha, boshqasi mendan oldin tushib oladi.
Ana shu so‘zi uchun yahudiylar Isoni o‘ldirishga yanada ko‘proq harakat qilishdi. Chunki U nafaqat Shabbat qoidalarini buzdi, balki Xudoni Otam deb, O‘zini Xudoga tenglashtirgan edi.
Iso yahudiylarga shunday dedi: “Sizlarga chinini aytay: O‘g‘il O‘zidan O‘zi hech narsa qila olmaydi. Faqat Otasidan ko‘rgan ishlarni qiladi. Ota nimalarni qilsa, O‘g‘il ham xuddi shularni qiladi.
Axir, Ota O‘g‘lini yaxshi ko‘radi, O‘zi qilgan hamma ishlarni O‘g‘liga ko‘rsatadi. U O‘g‘liga bundan ham buyukroq ishlarni ko‘rsatadi, shunda hammangiz hayron qolasizlar.
Sizlarga chinini aytay: Mening so‘zlarimni tinglagan va Meni Yuborganga ishongan kishi abadiy hayotga egadir. U hukm qilinmaydi. Zotan, u o‘limdan hayotga o‘tgan.
“Men O‘zimdan O‘zim hech narsa qilolmayman. Otam Menga qanday aytsa, shunday hukm qilaman, shuning uchun hukmim to‘g‘ridir. Zotan, Men O‘z irodamni emas, balki Meni yuborgan Otamning irodasini bajo keltirishni istayman.
Biroq, Men Yahyodan ko‘ra kattaroq guvohlikka egaman. Guvohlik deb, Men tugatishim uchun Otam bergan ishlarini nazarda tutyapman. Bularning hammasi Meni Otam yuborganidan dalolat beradi.
Sizlar Muqaddas Bitiklarni tekshirasizlar, chunki ular orqali abadiy hayotga ega bo‘lamiz, deb o‘ylaysizlar. Ammo o‘sha Yozuvlar Men to‘g‘rimda guvohlik beradi–ku!
Sizlar bir–biringizdan tahsinlar olishni yaxshi ko‘rasizlar, lekin yagona Xudoning tahsiniga sazovor bo‘lishga harakat qilmaysizlar. Qanday qilib ham Menga ishona olardingiz?!