Besh kun o‘tgach, oliy ruhoniy Hananiya bir necha oqsoqollar va Tertull degan bir huquqshunos bilan birga Qaysariyaga keldi. Ular Pavlusga qarshi arzlarini hokimga bayon qilmoqchi bo‘ldilar.
— Janobi oliylari! Sizning dono rahbarligingiz ostida biz anchadan buyon tinch–xotirjam yashayapmiz, uzoqni ko‘ra bilishingiz sharofati bilan xalqimiz uchun islohotlar amalga oshirildi. Biz buni hamma joyda va har doim e’tirof etamiz, sizdan chuqur minnatdormiz.
Hokim Pavlusga, gapir, deb ishora qilgandan keyin, u shunday javob berdi: — Bilaman, siz ancha yillardan beri bu xalq ustidan hukmron bo‘lib kelasiz. Shuning uchun o‘zimni sizning huzuringizda himoya qilayotganimdan xursandman.
Ammo shuni tan olishim kerakki, ular Isoning yo‘lini soxta e’tiqod deb aytishadi. Men esa Isoning yo‘li orqali ota –bobolarimizning Xudosiga sajda qilaman. Tavrotga mos kelgan va payg‘ambarlar bitiklarida yozilgan har bir so‘zga men ishonaman.
Men shularni bajarayotganimda, ular meni Ma’badda ko‘rib qoldilar. Men poklanish marosimini ado etayotgan edim, yonimda olomon yo‘q edi, shovqin–suron ham ko‘tarmagan edim.
Asiya viloyatidan bo‘lgan bir necha yahudiylar o‘sha yerda edilar. Agar ularning menga qarshi biron da’volari bo‘lsa, ular o‘zlari sizning huzuringizga kelib, o‘z ayblovlarini bildirishlari kerak.
Men ularning oldida turganimda, baland ovozda: “Men o‘liklar tiriladi, deb aytganim uchun bugun oldingizda hukm qilinyapman”, deb aytgan edim. Bundan boshqa nima aybim bor?
Isoning yo‘li to‘g‘risida batafsil xabardor bo‘lgan Feliks yig‘ilishni to‘xtatib: “Mingboshi Lisiy kelgandan keyin, sening ishing to‘g‘risida qaror qabul qilaman”, dedi.
Feliks yuzboshiga: “Uni qamab qo‘y, ammo unga ozgina erkinlik ber, uning ehtiyojlari uchun xizmat qilmoqchi bo‘lgan do‘stlariga ijozat ber”, deb buyruq berdi.
Bir necha kundan keyin Feliks xotini Drusilla bilan keldi. Drusilla yahudiy edi. Feliks Pavlusni chaqirtirib keldi va Iso Masihga ishonch to‘g‘risidagi gaplarini tingladi.
Pavlus solihlik, nafsni tiyish, qiyomat kunining kelishi to‘g‘risida gapirar ekan, Feliks qo‘rqib, dedi: — Sen endi boraver. Imkon topilgan zahoti, seni chaqiraman.