O‘sha paytda Ma’bad oldiga bir shol odamni olib kelishdi. Uni har kuni Ma’badning Go‘zal degan darvozasiga keltirib qo‘yishardi, u esa tilanchilik qilib, Ma’badga kelgan odamlardan sadaqa yig‘ardi.
Butrus esa unga dedi: — Mening pulim yo‘q, ammo o‘zimda bor narsani senga beraman. Nosiralik Iso Masih nomi bilan senga buyuraman: o‘rningdan turib yur!
Shundan keyin Butrus shol odamni o‘ng qo‘lidan ushlab, o‘rnidan turishiga ko‘maklashdi. Shu zahoti shol odamning oyoqlari bilan to‘piqlari mustahkam bo‘ldi.
Butrus bilan Yuhanno Sulaymon ayvoni degan joyda turar edilar. Shol odam ikkovining qo‘lidan mahkam ushlab olgan edi. Xalq hayrat ichida ularning oldiga yugurib keldi.
Butrus odamlarni ko‘rgach, ularga qarata nutq so‘zladi: — Ey Isroil xalqi! Nega bunga hayron bo‘lyapsizlar? Xuddi biz o‘z qudratimiz yoki xudojo‘yligimiz bilan bu odamga shifo berganday, nega bizga tikilib qarayapsizlar?
Bu odamga ota –bobolarimiz Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosi shifo berdi. Shu orqali Xudo O‘zining quli Isoni ulug‘ladi. Ammo sizlar Isoni tutib berdingizlar. Pilat Uni ozod etishga qaror qilganda ham, sizlar Uni Pilatning huzurida rad etdingizlar.
O‘zlaringiz ko‘rib–bilib turgan mana bu odam Isoning nomiga bo‘lgan imoni tufayli soppa–sog‘ turibdi. Iso bergan bu imon uni ko‘z o‘ngingizda butunlay sog‘aytirdi.
Ammo bu qilmishingiz orqali Xudo payg‘ambarlarning og‘zi bilan aytgan bashoratini bajo qildi. Axir, payg‘ambarlar, Masih azob chekadi, deb oldindan aytgan edilar.
Xudo O‘zining muqaddas payg‘ambarlari orqali azaldan e’lon qilganday, hamma narsalar yangilanadigan davr keladi. Ammo o‘sha davr kelguncha Iso osmonda qolishi kerak.
Xudoning O‘z payg‘ambarlari orqali bergan va’dalari sizlar uchundir. Sizlar Xudoning Ibrohim orqali ota–bobolaringiz bilan tuzgan ahdini o‘zlaringizga meros qilib olyapsizlar. Axir, Ibrohimga Xudo: “Sening zurriyoting orqali yer yuzidagi jamiki xalqlar baraka topadi”, deb aytgan edi.
Xudo O‘z quli Isoni zohir qilgandan keyin, Uni birinchi bo‘lib sizlarning orangizga yubordi. Chunki U har biringizni yomon yo‘ldan qaytarib, sizlarga baraka bermoqchi.