Butrus undan so‘radi: — Hananiya, nimaga shaytonga qalbingdan joy berib, Muqaddas Ruhga yolg‘on gapirding? Yerning pulidan bir qismini olib qolding–ku!
Mulkingni sotmasingdan oldin, u seniki edi, sotganingdan keyin ham, pul seniki edi. Bunday ish qilishga qanday jur’at etding?! Sen odamlarga emas, balki Xudoga yolg‘on gapirding!
Butrus ayoldan so‘radi: — Menga ayt–chi, sen bilan ering yerlaringizni falon–falon narxga sotdingizlarmi? — Ha, o‘shancha narxga sotdik, — deb javob berdi ayol.
Shunda Butrus ayolga dedi: — Nima uchun sizlar Egamizning Ruhini sinashga qaror qildingizlar? Ana, eringni dafn qilgan odamlar eshikdan kirib kelishyapti. Endi ular seni ham olib chiqadilar.
Shu zahoti ayol ham yiqildi–yu jon berdi. Yigitlar kirib kelib ko‘rdilarki, ayol jon beribdi. Ular ayolni ham olib borib, erining yoniga dafn qildilar.
Odamlar: “Butrus yo‘ldan o‘tayotganda, uning soyasi bularning ustiga tushsin”, deb xastalarni ko‘chalarga olib chiqishardi. Ularni chorpoyalarga, to‘shaklarga yotqizib qo‘yishardi.
Bir talay olomon ham Quddus atrofidagi qishloqlardan keldi. Ular ham xasta, yovuz ruhlardan azob chekayotganlarni olib kelgan edilar. Xastalarning hammasi shifo topdi.
Havoriylar bu gapni eshitib, azonda Ma’bad hovlisiga kirdilar va odamlarga ta’lim bera boshladilar. Oliy ruhoniy va uning yonidagilar Oliy kengashni va hamma Isroil oqsoqollarini chaqirtirdilar. Havoriylarni olib kelish uchun qamoqxonaga odam yubordilar.
— Borsak, qamoqxona mahkam qulflangan, soqchilar eshik oldida turishgan ekan. Ammo eshiklarni ochib ichkariga kirganimizda, ichkarida hech kimni topa olmadik.
Mirshabboshi bilan Ma’bad qorovullari borib, havoriylarni hibsga oldilar, ammo zo‘rlik qilmadilar. “Odamlar bizni toshbo‘ron qilmasin”, deb qo‘rqdilar.
— Biz sizlarga, bu Odamning nomi bilan ta’lim bermanglar, deb qat’iy taqiqlamaganmidik?! Axir, nima qilib qo‘ydingizlar? Butun Quddus bo‘ylab ta’limotingizni yoyib yubordingizlar–ku! Bu Odamning qonini bizning gardanimizga yuklayapsizlar!
Iso Isroil xalqini tavbaga olib kelsin, ularning gunohlari kechirilsin, deb Xudo Isoni Sarvar va Najotkor qilib tayinladi. Uni o‘ng qo‘li bilan yuksaltirdi.
Oliy kengashda xalqning hurmatiga sazovor bo‘lgan bir Tavrot tafsirchisi bor edi. Uning ismi Gamaliel bo‘lib, u farziylardan edi. Gamaliel o‘rnidan turib, havoriylarni qisqa vaqtga tashqariga olib chiqishlarini buyurdi.
Esingizda bo‘lsa, bir qancha vaqt oldin Fevda degan odam buyuklikka da’vo qilgandi. Hatto to‘rt yuztacha odam unga ergashdi. Ammo Fevda o‘ldirildi, uning izdoshlari tarqalib, yo‘q bo‘lib ketdi.
Shundan keyin aholini ro‘yxatga olish paytida paydo bo‘lgan Jalilalik Yahudo bir qancha odamni ortidan ergashtirdi. U ham halok bo‘ldi, unga ergashganlarning hammasi tarqalib ketdi.
Shu bois sizlarga aytyapman: bu odamlarga qarshi biron harakat qila ko‘rmanglar. Ularni o‘z holiga qo‘yinglar! Ularning rejalari va qilayotgan ishlari insonniki bo‘lsa, bu ishlari barham topadi.
Shunday qilib, Oliy kengash Gamalielning maslahatiga rozi bo‘ldi. Ular havoriylarni chaqirib, qamchi bilan savalatdilar, “Hech qachon Isoning nomi bilan gapirmaysizlar”, deb buyruq berib, qo‘yib yubordilar.
Havoriylar Oliy kengash huzuridan xursand bo‘lib chiqdilar, chunki ular “Xudo bizni Isoning nomi uchun haqoratlanishimizga loyiq hisobladi”, der edilar.
Ular har kuni Ma’bad hovlisida va odamlarning uylarida ta’lim berardilar. Isoning Masih ekani to‘g‘risidagi Xushxabarni va’z qilishda davom etaverdilar.