Муқаддас Китоб 2016 (UZLBC)
|
| 1 |
| Stefanning o‘limini Shoul ma’qullagan edi. O‘sha kundan Quddusdagi imonlilar jamoati shafqatsiz quvg‘inlardan azob cheka boshladi. Havoriylardan boshqa hamma imonlilar Yahudiya va Samariya viloyatlari bo‘ylab tarqalib ketdilar. |
| 2 |
| Taqvodor odamlar Stefanni dafn qilib, unga qattiq aza tutdilar. |
| 3 |
| Shoul esa jamoatni yo‘q qilish payiga tushgan edi. U uyma–uy yurib, erkagu ayol imonlilarni sudrab olib chiqar, ularni qamoqxonaga tashlar edi. |
| 4 |
| Imonlilar tarqalib ketib, Iso haqidagi xabarni har joylarda va’z qilib yurardilar. |
| 5 |
| Filip Samariyaning bosh shahriga borib, u yerdagi aholiga Masih to‘g‘risida va’z qildi. |
| 6 |
| Filipni tinglab turgan va qilgan mo‘jizalarini ko‘rgan olomon uning gaplariga diqqat bilan quloq soldi. |
| 7 |
| Yovuz ruhlar ko‘p odamlarning ichidan chinqirib chiqib ketardi, ko‘plab shol va cho‘loq odamlar shifo topar edilar. |
| 8 |
| Shunday qilib, o‘sha shaharda katta shodlik hukm surardi. |
| 9 |
| Shu yerda Shimo‘n degan bir odam yashardi. U anchadan beri sehr–jodular qilib, Samariya aholisini hayratda qoldirib kelardi. Shu tariqa u o‘zini buyuk odam qilib ko‘rsatardi. |
| 10 |
| Shahardagi har bir odam — kattayu kichik uning gaplariga diqqat bilan quloq solar, “Bu odam Xudoning qudratidir, u Buyuk Qudrat deb nom olgan”, deb aytardi. |
| 11 |
| Shimo‘n uzoq vaqt odamlarni sehr–jodulari bilan ajablantirib kelgani uchun ham, unga odamlar diqqat bilan quloq solishardi. |
| 12 |
| Ammo Filip Xudo Shohligi va Iso Masih to‘g‘risidagi Xushxabarni va’z qilgandan keyin, odamlar Filipga ishondilar. Erkagu ayol suvga cho‘mdirildi. |
| 13 |
| Hatto Shimo‘n ham imonga keldi. U suvga cho‘mdirilgandan keyin, yuz berayotgan alomatlaru buyuk mo‘jizalarni ko‘rib, hayratda qoldi va Filipdan ajralmaydigan bo‘ldi. |
| 14 |
| Quddusdagi havoriylar, Samariya aholisi Xudoning kalomini qabul qilibdi, deb eshitganlari uchun, Butrus bilan Yuhannoni ularning oldiga yubordilar. |
| 15 |
| Butrus bilan Yuhanno borib, Muqaddas Ruhni qabul qilib olinglar, deb Samariyaliklar uchun ibodat qildilar. |
| 16 |
| Chunki hali Muqaddas Ruh ularning birontasini ham qamrab olmagan edi. Ular faqat Rabbimiz Iso nomi bilan suvga cho‘mdirilgan edilar, xolos. |
| 17 |
| Shundan keyin Butrus bilan Yuhanno ularning ustiga qo‘llarini qo‘ydilar. Shu tariqa Samariyaliklar Muqaddas Ruhni qabul qildilar. |
| 18 |
| Shimo‘n ko‘rdiki, odamlarning boshlariga havoriylar qo‘llarini qo‘yganlarida, Muqaddas Ruh ularga berilardi. Shimo‘n Butrus bilan Yuhannoga pul taklif qilib, dedi: |
| 19 |
| — Shu qudratdan menga ham beringlar, toki birontasining boshiga qo‘llarimni qo‘yganimda, o‘sha odam Muqaddas Ruhni qabul qilsin. |
| 20 |
| Ammo Butrus Shimo‘nga shunday javob berdi: — Puling o‘zing bilan birga do‘zaxga ravona bo‘lsin, chunki sen, Xudoning in’omini pulga sotib olsam bo‘ladi, deb o‘ylaysan. |
| 21 |
| Bu ishda sening na ulushing, na haqing bor! Sening yuraging Xudo nazarida to‘g‘ri emas. |
| 22 |
| Endi tavba qilib, bu fosiq niyatingdan qayt, “Meni kechirgin”, deb Egamizga ibodat qil, balki yuragingdagi niyatingni U kechirar. |
| 23 |
| Ko‘rib turibman: yuraging achchiq zardaga to‘la, o‘zing fosiqlik zanjiriga bog‘langansan. |
| 24 |
| Shimo‘n shunday javob berdi: — Men uchun Egamizga ibodat qilinglar, tag‘in aytganlaringizdan biri boshimga tushmasin. |
| 25 |
| Butrus bilan Yuhanno u yerda guvohlik berib, Rabbimiz Iso haqidagi xabarni va’z qildilar. Shundan keyin Samariyaning ko‘p qishloqlarida Xushxabarni e’lon qilib, Quddusga qaytib keldilar. |
| 26 |
| Shu orada Egamizning bir farishtasi Filipga dedi: “Qani, bo‘l, janubga bor, Quddusdan G‘azoga olib boradigan sahro yo‘lidan ket.” |
| 27 |
| Filip yo‘lga chiqdi, ketayotib Habashistonlik bir amaldorni uchratib qoldi. U Habashiston malikasi Kandakining bosh xazinaboni lavozimidagi katta amaldor edi. U Quddusga sajda qilgani kelib, |
| 28 |
| endi uyiga qaytayotgan edi. Amaldor aravada o‘tirganicha, Ishayo payg‘ambar kitobini o‘qib ketayotgan edi. |
| 29 |
| Muqaddas Ruh Filipga: “Aravaga yaqinroq bor, uning yonida yur”, dedi. |
| 30 |
| Filip yugurib, aravaga yetib oldi, amaldorning Ishayo payg‘ambar kitobini o‘qiyotganini eshitdi. Filip: — O‘qiyotganingizni tushunyapsizmi? — deb so‘radi. |
| 31 |
| — Birontasi yordam bermasa, tushunarmidim?! — deb javob berdi amaldor. U Filipga: “Chiq, yonimga o‘tir”, deb taklif qildi. |
| 32 |
| Amaldor o‘qiyotgan Muqaddas Bitiklar parchasi quyidagilar edi: So‘yishga olib borilgan qo‘yday, Jun qirquvchi oldida jim turgan qo‘ziday U miq etib og‘zini ochmadi. |
| 33 |
| U xo‘rlandi. Adolatdan mahrum qilindi. Uning nasli haqida kim o‘ylaydi? Yer yuzida uning hayotiga chek qo‘yildi. |
| 34 |
| Amaldor Filipdan so‘radi: — Ayt–chi, payg‘ambar bu gaplarni kim to‘g‘risida aytdi — o‘zi to‘g‘risidami yoki boshqa birontasi to‘g‘risidami? |
| 35 |
| Shundan keyin Filip tushuntira boshladi, Muqaddas Bitiklarning shu qismidan boshlab Iso haqidagi Xushxabarni amaldorga so‘zlab berdi. |
| 36 |
| [36-37] Ular yo‘lda ketayotganlarida, suv bor joyga kelib qoldilar. Shunda amaldor dedi: — Mana bu yerda suv bor ekan. Suvga cho‘mdirilishimga nima xalaqit beradi?! |
| 37 |
| *** |
| 38 |
| Amaldor aravani to‘xtatishga buyurdi. Ular ikkalasi — Filip bilan amaldor suvga tushdilar, Filip uni suvga cho‘mdirdi. |
| 39 |
| Ular suvdan chiqqanlaridan keyin, Egamizning Ruhi to‘satdan Filipni olib ketdi. Amaldor uni qaytib ko‘rmadi, ammo xursand bo‘lganicha, yo‘lida davom etdi. |
| 40 |
| Filip esa Ashdodda paydo bo‘lib qoldi. U Qaysariyaga kelguncha, butun o‘lka bo‘ylab o‘tar ekan, hamma shaharlarda Xushxabarni e’lon qilib boraverdi. |
|
| Eslatmalarni Saqlash |
https://beblia.bible:81/BibleAudio/uzbekuzlbc/acts/008.mp3
28
8