Har bir inson o‘zining ustidan hukmron bo‘lgan hokimiyatga bo‘ysunsin. Chunki Xudo buyurmagan hokimiyat yo‘q, mavjud bo‘lgan har bir hokimiyatni esa Xudo tayin etgan.
Shuning uchun hokimiyatga qarshilik ko‘rsatgan odam Xudo o‘rnatgan tartibga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qarshilik qiluvchilar esa o‘zlarini o‘zlari hukmga duchor qiladilar.
Yaxshilik qilganlar emas, yomonlik qilganlar hukmronlardan qo‘rqishlari kerak. Hokimiyatdan qo‘rqmaslikni istaysanmi? Unda yaxshilik qilib yur, shunda boshliqning maqtoviga sazovor bo‘lasan.
Chunki boshliqlar odamlarning manfaati uchun Xudoning xizmatidadirlar. Yomon ish qilayotgan bo‘lsang, qo‘rqqin, chunki jazo berish qudrati boshliqlarga bekorga berilmagan. Ular yomonlik qiluvchilarga jazo berib, Xudoning g‘azabini ko‘rsatadigan Xudoning xizmatkorlaridir.
Ularga nima tegishli bo‘lsa, shuni bering: soliq yig‘uvchiga — soliq, boj oluvchiga — boj, obro‘ga loyiq bo‘lganga — obro‘, hurmatu ehtiromga loyiq bo‘lganga — hurmat–ehtirom.
Hech kimdan hech narsa qarzdor bo‘lmanglar. Faqat mehr–muhabbatni ham farz, ham qarz, deb bilinglar, chunki o‘zgani yaxshi ko‘rgan odam Xudoning qonunini bajargan bo‘ladi.
Axir, “Zino qilmang”, “Qotillik qilmang”, “O‘g‘irlik qilmang”, “Birovlarning mulkiga ko‘z olaytirmang”, degan va qolgan hamma amrlar quyidagi bir amrda mujassam–ku: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving.”
Chunki o‘zgani yaxshi ko‘rgan odam unga yomonlik qilmaydi. Shunday qilib, boshqalarni yaxshi ko‘rish Xudoning qonunini to‘liq bajarish bilan barobardir.
Hozirgi vaqtni g‘animat, deb bilinglar. Mana, uyqudan uyg‘onadigan paytingiz yetib keldi. Biz imon keltirgan paytdan ko‘ra, hozirgi vaqtda najotimizning to‘la ro‘yobga chiqishi yaqinroqdir.
Tun o‘tib ketib, kunduz yaqinlashib qoldi. Shuning uchun qorong‘ilik ishlaridan voz kechib, nurga loyiq ishlarni qilishga bop bo‘lgan qurol–aslahalarni taqib olinglar.
Shahvatparastlik va fisq–fujurga berilmay, janjalkashlik va hasadgo‘ylik qilmasdan, aysh-ishrat va ichkilikbozlik bilan emas, kunduzga yarasha, odob bilan kun kechiraylik.