Yo‘q, aslo! Axir, har bir inson yolg‘onchi bo‘lsa ham, Xudo haqdir. Muqaddas Bitiklarda Xudo haqida shunday yozilgan–ku: “Shu bois hukm qilganingda Sen barhaqsan, Qoralaganingda doimo to‘g‘ri bo‘lib chiqasan.”
Insoniy fikr yuritib aytayin: Agar bizning qabihligimiz Xudoning odilligini yanada ochiqroq ko‘rsatsa, nima ham derdik?! Boshimizga qahr–g‘azab yog‘dirgani uchun Xudo adolatsizmi?!
Mening yolg‘onchiligim Xudoning haqligiga urg‘u berib, Unga yanada ko‘proq shon–shuhrat keltirar ekan, nima uchun men gunohkor sifatida mahkum qilinyapman?
Shunday ekan, “Yaxshilik kelib chiqsin, deb yomonlik qilaveraylik”, — deyishimiz kerakmi?! Ba’zilar bizga tuhmat qilib, o‘shanday ta’lim beryapti, deb aytmoqdalar. Bunday tuhmat qilganlar jazoga loyiqdir.
Xo‘sh, biz, yahudiylar boshqalardan ustunmizmi? Yo‘q, aslo! Yuqorida isbotlab o‘tganimday, xoh yahudiy bo‘lsin, xoh g‘ayriyahudiy bo‘lsin, har bir inson gunohning hokimiyati ostidadir.
Biz bilamizki, qonun neki buyurgan bo‘lsa, qonunga qaram bo‘lganlarga buyurgan, toki har bir og‘iz yumilsin va butun dunyo Xudo oldida javobgar bo‘lsin.
[25-26] Xudo Iso Masihni bu dunyoga yubordi. Masihga ishonganlarning hammasi Uning to‘kilgan qoni orqali Xudo bilan yarashdilar. Shunday qilib, Xudo O‘zining adolatini namoyon qiladi. U oldin sabr–toqat qilib, ilgari qilingan gunohlarni jazosiz qoldirgan edi, endi esa Iso Masihga ishonganlarni oqlab, O‘zining haq ekanligini ko‘rsatmoqda.
Endi maqtanishga arzigulik narsamiz qoldimi? Yo‘q, maqtovga o‘rin yo‘q. Qanday qilib? Amrlarni bajo keltirishni talab qiluvchi qonunga ko‘rami? Yo‘q, insonlar imon orqali oqlanganda maqtanishga hech o‘rin qolmaydi.