U sunnatni ishonch orqali ega bo‘lgan solihligining muhri sifatida qabul qildi. U sunnat qilinmasdan oldin oqlangandi. Shunday qilib, Ibrohim sunnatsiz holda imon keltirib oqlangan har bir insonning otasi bo‘ldi.
Ayni zamonda, Ibrohim sunnatlilarning ham otasi hisoblanadi, shu shart bilanki, ularning imoni ham otamiz Ibrohim sunnat qilinmasdan oldin ega bo‘lgan imoniday bo‘lishi kerak.
Xudo Ibrohimga va uning nasliga yer yuzini mulk qilib olish to‘g‘risida va’da bergan edi. Ibrohim qonunga itoat qilgani uchun emas, balki Xudo uni ishonchi tufayli solih, deb bilgani uchun Xudo bu va’dani berdi.
Shu sababdan, Xudoning va’dasi Uning inoyatiga bog‘liq bo‘lib, faqat imon bilan qabul qilinadi. Natijada qonunga amal qilib yashaydimi, yo‘qmi, xuddi Ibrohimning imoniday imonga ega bo‘lganlarning hammasi uning zurriyotidir. Xudoning va’dasi albatta ularga ham daxldordir. Axir, Ibrohim hammamizning otamizdir.
Muqaddas Bitiklarda quyidagicha yozilgan–ku: “Men seni ko‘plab xalqlarning otasi qilaman.” O‘liklarni tiriltiruvchi va mavjud bo‘lmagan narsalarni vujudga keltiruvchi Xudoga ishonib, Ibrohim hammamizning otamiz bo‘ldi.
Xudo Ibrohimga yana: “Sening nasling son-sanoqsiz bo‘ladi”, degan edi. Ibrohim ko‘p xalqlarning otasi bo‘lishga hech bir umidi qolmaganiga qaramasdan, imoni tufayli umidvor edi.
[23-24] Bu so‘zlar faqatgina Ibrohimga tegishli emas, balki biz uchun ham aytilgan. Agar Rabbimiz Isoni o‘likdan tiriltirgan Xudoga ishonsak, Xudo bizni ham oqlaydi.