Rabbimiz Iso Xudoning inoyati eshigini bizga ochib berdi. Biz imon tufayli bu inoyatga erishib, mahkam turamiz hamda Xudoning ulug‘vorligiga sherik bo‘lish umidimiz borligidan faxrlanamiz.
Biz hali Uning dushmanlari bo‘lgan paytimizda, Xudo O‘z O‘g‘lining o‘limi orqali bizlarni O‘zi bilan yarashtirdi. Biz endi Xudo bilan yarashgan ekanmiz, albatta O‘g‘lining hayoti tufayli najot topamiz.
Bundan tashqari, biz Rabbimiz Iso Masih tufayli Xudo bilan bo‘lgan munosabatimizdan faxrlanamiz. Axir, Iso Masih orqali biz Xudo bilan yarashganmiz–ku.
Shunga qaramay, Odam Atodan Musoga qadar yashaganlarning gunohlari aynan Odam Atoning gunohiday bo‘lmasa–da, o‘lim ularning ustidan hokimlik qildi. Quyidagi ravishda Odam Ato Kelajak Zotning timsoli edi:
Bir kishining gunohi tufayli hamma o‘ladigan bo‘ldi, shunga o‘xshab bir Odam, ya’ni Iso Masihning inoyati orqali hamma Xudoning boy ehsonidan bahramand bo‘la oladi. Biroq Xudoning ehsonini Odam Atoning gunohi bilan solishtirib bo‘lmaydi.
Xudoning ehsoni bilan Odam Atoning gunohi orasidagi farqi quyidagidan iboratdir: o‘sha bir gunohning oqibati mahkum qilinishga olib bordi, ko‘p gunohlardan keyin berilgan ehson esa oqlanishni keltirib chiqardi.
To‘g‘ri, bittagina odamning gunohi tufayli, o‘sha odamning dastidan o‘lim hokimlik qila boshladi. Ammo Xudoning cheksiz inoyati bilan oqlanganlarning hammasi endi bir Odam, ya’ni Iso Masih orqali abadiy hayotda hokimlik qiladilar.
Shunday qilib, gunoh hokimlik qilib, bizni o‘limga boshlar edi. Ammo biz oqlandik va Rabbimiz Iso Masih orqali abadiy hayotga egamiz. Bu ko‘rsatib turibdiki, endi Xudoning inoyati hukm surmoqda.