Shuning uchun hali eri tirik bo‘lgan xotin boshqa erga tegsa, u zinokor, deb hisoblanadi. Ammo eri o‘lsa, xotin o‘sha qonundan ozod bo‘ladi va boshqa erga tegsa ham, zino qilgan hisoblanmaydi.
Shunga o‘xshab, sizlar ham, ey birodarlarim, Masihning o‘limi orqali qonun uchun o‘lgansizlar. Endi o‘zingizni Boshqasiga, ya’ni o‘likdan tirilgan Masihga bag‘ishlash ozodligiga egasizlar. Buning natijasida esa biz Xudoning yo‘lida samarali ishlar qila olamiz.
Zero, biz bashariy tabiatimiz amri bilan yashagan paytimizda, qonun bizning a’zoyi badanimizda gunohkor ehtiroslarni qo‘zg‘atardi. Ularning samarasi esa o‘limdir.
Endi esa bizni asir qilgan qonun uchun o‘ldik va undan ozod bo‘ldik. Shunday qilib, biz eskichasiga, ya’ni yozilgan qonun yetakchiligida emas, balki yangichasiga, ya’ni Muqaddas Ruh yetakchiligida Xudoga xizmat qilamiz.
Xo‘sh, unda nima deymiz? Qonun gunohning manbaimi? Yo‘q, aslo! Ammo qonun bo‘lmaganda edi, men gunoh nima ekanligini bilmagan bo‘lar edim. Masalan, qonun “boshqalarning mulkiga ko‘z olaytirma” deb buyurmaganda edi, men buning gunoh ekanligini bilmagan bo‘lardim.
Xo‘sh, yaxshi bo‘lgan qonun menga o‘lim keltirdimi? Mutlaqo! Gunoh menga o‘lim keltirish uchun yaxshi narsadan foydalandi. Gunohning gunoh ekanligi ochiq ko‘rinishi uchun shunday bo‘ldi. Shunday qilib, amr orqali gunohning naqadar yomon ekanligi oshkor bo‘ldi.
Menda, ya’ni bashariy tabiatimda yaxshi narsa yo‘qligini aniq bilaman. Yaxshilik qilish istagi dilimda bor bo‘lsa-da, uni ro‘yobga chiqarishga kuchim yetmaydi.
Ammo a’zoyi badanimda boshqa bir qoida amal qilmoqda. Bu qoida ongimdagi qonunga qarshi kurash olib borib, a’zoyi badanimda amal qiluvchi gunoh qoidasiga meni asir qilyapti.
Xudoga shukr! Rabbimiz Iso Masih orqali U bizni qutqaradi! Xullasi kalom, men ongim bilan Xudoning qonuniga qul bo‘lsam-da, bashariy tabiatim gunoh qoidasiga quldir.