Inson Xudoning qonunini bajara olmagani uchun qonun ta’sirsiz bo‘lib qoldi. Qonun insonni gunohdan qutqara olmagani uchun Xudoning O‘zi bu ishni qildi. Xudo O‘z O‘g‘lini gunohkor insonga o‘xshatib, bu dunyoga yubordi. Shu yo‘sin, Xudo inson orqali gunohni mahkum qildi.
Bashariy tabiat yetakchiligida yashaydiganlar bashariy fikr qiladilar. Ruhning yetakchiligida yashaydiganlar esa Ruhni mamnun qiladigan narsalar haqida fikr qiladilar.
Bashariy tabiat yetakchiligida fikr qilish Xudoga dushmanlikdir, chunki bunday tabiat Xudoning qonuniga itoat qilmaydi, darhaqiqat, itoat qila olmaydi.
Agar Xudoning Ruhi haqiqatan ham sizlarning qalbingizda makon qilgan bo‘lsa, sizlar endi bashariy tabiat amri bilan emas, balki Ruh amri bilan yashayapsizlar. Kimki Masihning Ruhiga ega bo‘lmasa, u Masihga tegishli emas.
Ammo Masih sizning qalbingizda makon qilgan. To‘g‘ri, gunoh tufayli tanangiz o‘limga mahkum qilingan, lekin endi Xudoning Ruhi sizlar uchun hayot manbaidir, chunki sizlar oqlangansiz.
Isoni o‘likdan tiriltirgan Xudoning Ruhi qalbingizda yashayapti. Iso Masihni o‘likdan tiriltirgan Xudo yuragingizda yashayotgan Ruhi orqali sizlarning foniy tanangizni ham o‘likdan tiriltiradi.
Xudo bizga O‘z Ruhini berdi. Buni yana qul bo‘lib, qo‘rquvda yashashimiz uchun emas, balki Uning farzandi bo‘lib, Ruh orqali Xudoni “Otajon” deb chaqirishimiz uchun qildi.
Biz Xudoning farzandlari ekanmiz, demak, farzandlarday Uning va’da qilgan barakalariga ega bo‘lamiz, Masih bilan birga bu barakalarni baham ko‘ramiz. Biz Masihning azob–uqubatlariga sherik ekanmiz, albatta, Uning ulug‘vorligiga ham sherik bo‘lamiz.
[20-21] Chunki mavjudot behudalikka mubtalo bo‘lgan. Bu mavjudotning ixtiyori bilan emas, balki Xudoning ixtiyori bilan shunday bo‘ldi. Shunday bo‘lsa–da, mavjudot chirib–bitish qulligidan ozod etilib, Xudoning farzandlari bilan birga ulug‘vor erkinlikdan bahramand bo‘lishiga umid bor.
Nafaqat mavjudot, balki biz o‘zimiz, ya’ni Xudoning Ruhi bilan yashash qanday ekanligini tatib ko‘rganlar ham, ichimizdan oh–nola qilyapmiz. Xudoning farzandlari qilib asrab olinganimizning to‘la ro‘yobga chiqishini hamda o‘ladigan badanimizning chirib–bitishdan ozod bo‘lishini intizorlik bilan kutyapmiz.
Buning ustiga, ojizligimizda Ruh bizga madad beradi. Chunki biz qanday qilib ibodat qilishni bilmaymiz, ammo Ruhning o‘zi ifoda qilib bo‘lmas oh-nolalar bilan biz uchun Xudo oldida shafoat qiladi.
Xudo ularni azaldan tanlab olgan edi va “Mening O‘g‘limga o‘xshab borsinlar”, deb oldindan belgilab qo‘ygan edi, toki O‘g‘il ko‘p birodarlar orasida to‘ng‘ich bo‘lsin.