Ular Isroil xalqidir. Xudo ularni O‘ziga farzand qilib olish uchun tanladi. O‘zining ulug‘vorligini ularga namoyon qilib, ular bilan ahdlar tuzdi. Ularga O‘z qonunini berib, ularni O‘zining xizmatiga tayinladi hamda ularga O‘z va’dalarini berdi.
Ular ulug‘ ota –bobolardan kelib chiqqan, Masih ham jismoniy jihatdan Isroil xalqidan kelib chiqqan. Butun borliq ustidan hukmdor bo‘lgan Xudoga abadiy hamdu sanolar bo‘lsin. Omin!
Shunga o‘xshab, Ibrohimdan tug‘ilganlarning hammasi ham Ibrohimning asl zurriyoti, deb hisoblanmaydi. Axir, Xudo Ibrohimga: “Nasling Is’hoq orqali kelib chiqadi”, deb aytgan–ku!
Demak, jismoniy jihatdan Ibrohimning farzandlari bo‘lganlarning hammasi ham Xudoning farzandlari emaslar. Faqatgina Xudo bergan va’daning natijasida dunyoga kelganlar asl zurriyot hisoblanadi.
[11-12] Farzandlar tug‘ilmaslaridan avval, hali birorta yaxshi yoki yomon ish qilmaslaridan oldin Xudo Rivqoga: “Kattasi kichigiga xizmat qiladi”, deb aytgandi. Bu ko‘rsatib turibdiki, Xudo O‘z maqsadini bajarish uchun insonlarni tanlaydi, tanlanish insonlarning ishlariga emas, balki Xudoning da’vatiga bog‘liqdir.
Muqaddas Bitiklarda yozilganiday, Xudo fir’avnga: “Senga qudratimni ko‘rsatay, butun olamga shuhratimni yoyay, deb seni hukmdor qilib tayinladim”, deb aytgan.
Axir kulol bir loy qorishmasidan har xil idishlar yasar ekan, ularning ba’zilarini qutlug‘ bayram kunlarida ishlatiladigan qilishga, boshqalarini esa har kuni ishlatiladigan idish qilib qo‘yishga haqi yo‘qmi?
To‘g‘ri, Xudo O‘z g‘azabi va qudratini jazo orqali ko‘rsatishga haqlidir. Ammo jazoga mubtalo bo‘ladiganlarning halokatini orqaga surib, sabr–bardosh ko‘rsatsa, nima bo‘pti?
Shunday qilib, Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lgan va Uning ulug‘vorligini baham ko‘rishga belgilangan odamlarga Xudo O‘z ulug‘vorligining naqadar boy ekanligini namoyon qiladi.
Xo‘sheya kitobida Xudo shunday deb aytgan: “Mening xalqim bo‘lmaganlarni ‘O‘z xalqim’, deb atayman. Oldin sevgilim bo‘lmaganni ‘Sevgilim’, deb aytaman.
Ishayo ham Isroil xalqi haqida shunday degan edi: “Isroil xalqining soni dengiz qumiday ko‘p bo‘lgan bo‘lsa ham, faqatgina ba’zilari qutqarilib, omon qoladi,
Bulardan oldinroq Ishayo yana shunday deb aytgan edi: “Eh, agarda Sarvari Olam Qoldirmaganda edi bizga zurriyot, Sado‘m shahriga o‘xshab qolgan bo‘lardik, G‘amo‘ra shahriga o‘xshagan bo‘lardik.”
Nima uchun? Chunki ular imon bilan emas, balki qonunni bajarish orqali oqlanishga urindilar. Ular Muqaddas Bitiklarda tasvirlangan Toshga qoqilib yiqildilar.
Xudo Muqaddas Bitiklarda shunday deb aytgan edi: “Men Quddusda bir Tosh joylashtiryapman. Ba’zilar unga qoqilib, yiqiladilar, ammo unga tayanganlar sharmanda bo‘lmaydilar.” Bu Tosh Iso Masihdir.