Bir–biringizdan bosh tortmanglar. Faqatgina o‘zaro kelishgan holda, o‘zingizni ibodatga bag‘ishlash uchungina jinsiy aloqadan o‘zingizni tutib turing. Bundan so‘ng yana qovushinglar, toki o‘zingizni tiya olmaganingizdan foydalanib, shayton sizlarni vasvasaga solmasin.
Eri yoki xotini imonli bo‘lmaganlarga esa shunday deb aytaman. Bular Rabbimizning emas, mening so‘zlarimdir: “Birorta imonli erkakning xotini imonsiz bo‘lsa–yu, ammo eri bilan yashashga rozi bo‘lsa, er xotini bilan ajrashmasin.
Axir, imonsiz er imonli xotini tufayli poklanadi. Shuningdek, imonsiz ayol imonli eri tufayli poklanadi. Natijada ularning farzandlari harom emas, pok bo‘ladi.
[15-16] Qayerdan bilasan ey, xotin, balki sen orqali ering najot topar?! Ey, er, qayerdan bilasan, balki sen orqali xotining najot topar?! Ammo imonsiz inson o‘zining imonli turmush o‘rtog‘idan ajrashmoqchi bo‘lsa, ajrashaversin. Shundan keyin o‘sha ajrashgan imonli odamning boshi bog‘liq emas. Xudo bizni tinchlikka chorlagan.
Har bir inson Xudo uni qanday da’vat qilgan bo‘lsa, Rabbimiz Iso uni qanday sharoitga solgan bo‘lsa, shunday yashashda davom etaversin. Barcha jamoatlarda mana shunday ta’lim berib kelyapman.
Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lishga da’vat etilgansiz. Kim qul bo‘lgan paytida da’vat etilgan bo‘lsa, endi Rabbimizning nazarida u ozod insondir. Shuningdek, kim ozod bo‘lgan paytida da’vat etilgan bo‘lsa, endi u Masihning qulidir.
Hali oila qurmagan erkagu ayollar masalasiga kelsak, Rabbimiz Iso bu haqda amr bermagan. Ammo men Egamizning mehr–shafqati bilan ishonchli bo‘lgan kishi sifatida maslahat bera olaman.
Bordi–yu, uylansang, bu gunoh emas. Shuningdek, qiz erga tegsa ham, gunoh bo‘lmaydi. Ammo uylanganlarning tashvish–iztiroblari ko‘p bo‘ladi, men sizlarni shulardan asramoqchiman.
Men sizlarning tashvishsiz bo‘lishingizni istayman. Bo‘ydoqning asosiy tashvishi Rabbimiz Isoni mamnun qilish, Uning ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishdir.
Uning fikri ikkiga bo‘lingan. Hozir ersiz bo‘lgan ayollar va erga tegmagan qizlarning ham tashvishi Rabbimizning ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishdir, ularning maqsadi ham jismonan, ham ruhan Rabbimizga bag‘ishlanishdir. Erga tekkan ayol esa erini mamnun qilish niyatida dunyoviy ishlar haqida qayg‘uradi.
Men sizlarni chegaralash niyatida emas, balki sizlarning manfaatingizni ko‘zlab bularni aytyapman. Toki sizlar fikringizni chalg‘itmasdan, sidqidildan Rabbimiz Isoga berilib, adabli hayot kechiringlar.
Agar unashtirilgan kishi o‘z qaylig‘iga uylanmay, unga nisbatan noto‘g‘ri muomila qilyapman, deb o‘ylasa, hamda unga uylanishni qattiq xohlasa, o‘z bergan so‘zida turib, uylansin. Bu gunoh emas.
Xotin kishining eri tirik ekan, uning boshi bog‘liqdir. Agar eri o‘lsa, u istagan kishiga turmushga chiqishi mumkin, faqat u erkak Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lishi kerak.