Aksincha, sirli va uyatli ishlar qilishdan, makr–hiyla ishlatishdan bosh tortib, Xudoning kalomini buzmay gapiramiz. Haqiqatni ochiq–oydin aytib, Xudoning huzurida o‘zimizni boshqa odamlarning hukmiga topshiramiz.
Bu dunyoning xudosi imonsizlarning ongini ko‘r qilib qo‘ygan. Shuning uchun ular Xushxabarning nurini ko‘ra olmaydilar. Bu Xushxabar Xudoning aniq tasviri bo‘lgan Masihning ulug‘vorligini ko‘rsatadi.
Xudo dunyoni yaratganda O‘z so‘zi bilan zulmatdan nur yaratgan edi. Endi U O‘zining nuri bilan bizning yuraklarimizni ham yoritdi, Iso Masih siymosida porlab turgan O‘z ulug‘vorligini bizga ko‘rsatdi.
Shunday ajoyib xazinani sopol idishlarday bo‘lgan tanalarimizda olib yuribmiz. Shu orqali oliy qudrat bizga emas, Xudoga mansub ekanligi ko‘rinib turibdi.
Iso Masih o‘limga ro‘baro‘ bo‘lganidek, biz ham azob–uqubat tortib, o‘lim tahlikasida yashayapmiz, toki Isoning hayoti bizning tanamizda namoyon bo‘lsin.
Boshimizdan o‘tganlarning hammasi sizlarning manfaatingiz uchundir. Xudoning inoyati ko‘pdan ko‘p odamlar orasida yoyilar ekan, Xudoga yanada ko‘p odamlar shukr aytadi va bundan Unga yanada ko‘proq shon–shuhrat keladi.
Axir, biz ko‘rinadigan narsalarga emas, balki ko‘rinmaydigan narsalarga ko‘z tikkanmiz. Ko‘rinadigan narsalar o‘tib ketadi, ko‘rinmaydiganlari esa mangudir!