Bilamizki, biz makon qilgan bu tanamiz yer yuzidagi bir kulbadaydir. Bu kulba xarob bo‘lganda, Xudo samoda bizga qo‘l bilan qurilmagan mangu bir uy beradi.
Bu tanamizda ekanmiz, xuddi og‘ir yuk ostida qolgandek oh–nola chekamiz. O‘lishni xohlamaganimiz uchun oh–nola qilamiz. Samoviy tana darhol bu moddiy tananing o‘rnini olishini istaymiz. Axir, o‘shanda mangu tana foniy tananing o‘rnini egallaydi.
Chunki har birimiz Masihning hukm kursisi oldida hozir bo‘lishimiz kerak. Shunda har birimiz, xoh yaxshi ishlar bo‘lsin, xoh yomon, qilganlarimizga yarasha mukofot yoki jazo olamiz.
Biz Xudodan qo‘rqish nimaligini bilganimiz uchun boshqalarni ham Xushxabarga ishonishga da’vat qilamiz. Biz qanday odam ekanligimiz Xudoga ayondir, umid qilamanki, sizlar ham bizning qandayligimizni ochiq–oydin bilasizlar.
Biz o‘zimizga o‘zimiz tavsiya bermayapmiz. Aksincha, sizlarga biz bilan faxrlanish imkonini beryapmiz. Shunda insonning qalbidagi o‘y–xayolu fazilatlari bilan emas, balki tashqi qiyofasi bilan maqtanadiganlarga sizlar o‘rinli javob bera olasizlar.
Axir, Masihning bizga bo‘lgan muhabbati bizni rag‘batlantiradi. Bir Odam hamma uchun o‘lgan bo‘lsa, demak biz hammamiz o‘lganmiz, degan xulosaga keldik.
Shu sababdan endi biz hech kimga insoniy nuqtayi nazardan baho bermaymiz. Bir vaqtlar Masihga ham insoniy nuqtayi nazardan baho bergan edik, endi esa unday qilmaymiz.
Bularning hammasi Xudodandir. U Masih orqali bizni O‘zi bilan yarashtirdi hamda boshqalarga Xudo bilan yarashish yo‘lini ko‘rsatish xizmatini bizga berdi.
Ha, insonlarning gunohlarini ularning o‘zlariga qarshi hisoblamasdan, Xudo dunyoni Masih orqali O‘zi bilan yarashtirdi. Yarashish haqidagi bu xabarni yetkazishni esa bizga topshirdi.
Shunday qilib, biz Masihning elchilarimiz, Xudo biz orqali insonlarga murojaat etyapti. Masih nomidan yolvoryapmiz: Sizlar ham Xudo bilan yarashinglar.