Sizlardan faqatgina bir narsani so‘rab bilmoqchiman! Xo‘sh, sizlar Ruhni qanday qilib oldingizlar: qonunga amal qilish orqalimi yoki eshitganlaringizga ishonish orqalimi?
Xudo sizlarga O‘z Ruhini ato etib, orangizda mo‘jizalar yaratmoqda. Nima deb o‘ylaysiz: U buni qonunga amal qilganingiz uchun qilyaptimi yoki eshitganlaringizga ishonganingiz uchunmi?!
Xudo dastavval Ibrohimga: “Barcha xalqlar sen orqali baraka topadilar”, deb Xushxabar keltirgan. Muqaddas Bitiklardagi bu oyat shuni ko‘rsatadiki, Xudo xalqlarni imon orqali oqlaydi.
Qonunga amal qilish orqali Xudoni mamnun qilmoqchi bo‘lganlarning hammasi la’nat ostidadir. Axir, Muqaddas Bitiklarda: “Qonun kitobidagi amrlarning hammasini to‘liq bajarmaganlar la’nat ostidadir!” deb yozilgan–ku!
Shunday ekan, ko‘rinib turibdiki, qonunga amal qilish bilan hech kim o‘zini Xudo oldida oqlay olmaydi, zotan “solih inson imon tufayli hayotga ega bo‘ladi.”
Masih esa bizning o‘rnimizga la’natlanib, bizni qonun la’natidan xalos qildi. Axir, Muqaddas Bitiklarda: “Yog‘ochga osilgan har bir kishi la’natidir”, deb yozilgan–ku!
Shu yo‘sin g‘ayriyahudiylar ham Iso Masih orqali Xudoning Ibrohimga va’da qilgan barakalaridan bahramand bo‘ladilar, biz ham imon orqali Xudo va’da qilgan Ruhni olamiz.
Endi esa Xudoning Ibrohimga va uning zurriyotiga bergan va’dalariga qaraylik. Muqaddas Bitiklarda Ibrohimga: “Sening zotlaringga”, deb aytilmagan, aksincha, “Sening zurriyotingga”, deb aytilgan. Demak va’dada ko‘pchilik emas, balki faqat bir kishi, ya’ni Masih nazarda tutilgan.
Shuni aytmoqchimanki, Xudo Ibrohim bilan ahd tuzgandan so‘ng 430 yil o‘tgach qonun berildi. Ammo tasdiqlangan ahdni qonun kuchdan qoldirmadi, demak, Xudoning va’dasini bekor qilmadi.
Agar Xudoning in’omi insonlarning qonunga amal qilishiga ko‘ra beriladigan bo‘lsa, demak, va’daga ko‘ra berilmaydi. Ibrohimga esa Xudo O‘z in’omini va’da bo‘yicha berdi.
Unday holda qonun nima uchun berilgan? Qonun gunohkorligimizni ko‘rsatish uchun berilgandi. Ibrohimning va’da olgan zurriyoti kelmaguncha, bu qonun joriy bo‘lishi kerak edi. Qonun farishtalar tomonidan, bir vositachi orqali xalqqa berildi.
Xo‘sh, qonun Xudoning va’dalariga zidmi? Aslo! Agar abadiy hayot ato qilishga qodir bir qonun berilgan bo‘lsa edi, unda shubhasiz qonunga amal qilish bilan oqlansa bo‘lar edi.
Ammo Muqaddas Bitiklarga ko‘ra butun borliq gunohning tutqunidir. Shuning uchun va’da faqat Iso Masihga ishonish orqali ro‘yobga chiqadi va imonlilarga nasib bo‘ladi.