shunday dedi: — Hozir 120 yoshdaman, men sizlarni janglarga boshlab bora olmayman. Egamiz menga: “Sen Iordanning narigi tomoniga o‘tmaysan”, deb aytgan.
Sizlar Egangiz Xudoning boshchiligida Iordanning narigi tomoniga o‘tasizlar. Egangiz u yerda yashaydigan xalqlarni yo‘q qiladi. Sizlar ularning yurtiga egalik qilasizlar. Egamizning va’dasiga ko‘ra, Yoshua sizlarning yo‘lboshchingiz bo‘ladi.
Dadil va botir bo‘linglar, ulardan qo‘rqmanglar, vahimaga tushmanglar. Egangiz Xudoning O‘zi sizlar bilan birga boradi, sizlarni tashlab ketmaydi, sizlarni tark etmaydi.
Muso Yoshuani chaqirib, butun Isroil xalqi oldida unga shunday dedi: — Dadil va botir bo‘l. Egamiz, bu yurtni ota–bobolaringizga, avlodlaringizga beraman, deb qasam ichib va’da qilgan. Bu xalq bilan o‘sha yurtga sen kirasan. Sen orqali ular o‘sha yurtni mulk qilib olishadi.
So‘ngra Muso ularga shunday amr qildi: — Har yettinchi yilning oxirida, qarzlaringizdan kechish yili Chayla bayramini nishonlaganingizda mana shu qonunni o‘qinglar.
Buning uchun erkagu ayolni, bola–chaqani, shahringizdagi musofirlarni, boringki, butun xalqni yig‘inglar. Ular eshitib o‘rganishsin, Egangiz Xudodan qo‘rqishsin. Mana shu qonunning barcha so‘zlarini bitta qoldirmay bajarishsin.
Sizlar Iordanni kechib, mulk qilib oladigan yurtda yashar ekansiz, umringiz davomida shunday qilinglar. Toki qonunni bilmaydigan bolalaringiz qonunni eshitib, Egangiz Xudodan qo‘rqishni o‘rganishsin.
Egamiz Musoga dedi: — O‘liming yaqinlashib qoldi, Yoshuani chaqir, ikkovingiz Uchrashuv chodiriga kelinglar. Men unga ko‘rsatmalarimni beraman. Muso bilan Yoshua Uchrashuv chodiriga borib turishdi.
Egamiz Musoga aytdi: “Sening vaqti–soating yaqinlashib qoldi. Bu xalq esa boradigan yurtda Menga bevafolik qiladi, o‘sha yurtning begona xudolariga sajda qiladi. Ular Meni tark etadilar, ular bilan qilgan ahdimni buzadilar.
Shunda ularga g‘azabimni sochaman, ularni tark etib, yuzimni o‘giraman. Ular oson olinadigan o‘ljaday bo‘lib qolishadi, ko‘p kulfat va ofatlar boshlariga kelgan kuni: ‘Xudoyimiz oramizda bo‘lmagani uchun shu kulfatlar boshimizga tushmadimikin?!’ deyishadi.
Endi quyidagi qo‘shiq so‘zlarini yozib ol. Uni butun Isroil xalqiga o‘rgat. Bu qo‘shiq doimo ularning og‘zida bo‘lsin, Isroil xalqiga qarshi Mening guvohim bo‘lsin.
Men ularni, ota–bobolariga qasam ichib va’da berganimday, sut va asal oqib yotgan yurtga olib kiraman. Ular yeb to‘yib semiradilar, keyin boshqa xudolarga yuz buradilar, o‘sha xudolarga xizmat qiladilar. Mendan yuz o‘girib, ahdimni buzadilar.
Boshlariga ko‘p kulfat va ofatlar kelganda, bu qo‘shiq ularga qarshi guvoh bo‘ladi. Chunki ularning avlodlari bu qo‘shiqni og‘zilaridan tushirmaydi. Men qasam ichib, va’da bergan yurtga ularni olib kirmasimdan oldin, hozirdanoq niyatlarini bilib turibman.”
Egamiz Nun o‘g‘li Yoshuaga shunday amr qildi: — Dadil va botir bo‘l. Sen Isroil xalqini Men ularga va’da qilgan yurtga olib kirasan. Men sen bilan birga bo‘laman.
Qani, barcha qabila oqsoqollaringizni va nazoratchilaringizni oldimga yig‘ib kelinglar. Men ularga shu so‘zlarni aytayin. Yer va osmon ularga qarshi guvoh bo‘lsin.
O‘limimdan keyin sizlar buzilib ketishingizni, men ko‘rsatgan yo‘ldan chiqib ketishingizni bilaman. Boshingizga kulfatlar tushadi, chunki Egamizning oldida qabihliklar qilasizlar. Qilgan ishlaringiz bilan Uni g‘azablantirasizlar.