“ Egamiz Sinay tog‘idan O‘z xalqiga keldi, Seir yurti uzra quyoshday porladi, Poron tog‘idan nur sochdi. O‘n minglarcha farishta U bilan keldi, O‘ng qo‘lida otashin olov bor edi.
Yahudo qabilasi haqida shunday dedi: “Ey Egam, Yahudoning ovozini eshitgin, Uni boshqa qabilalar bilan birlashtirgin. U o‘z qo‘llari bilan o‘zini himoya qilmoqda, Dushmanlariga qarshi unga madad bergin.”
Levi qabilasi haqida shunday dedi: “Ey Egam, Sen Urim bilan Tummimni Taqvodor Leviga berding. Uni Massaxda sinab ko‘rding, U bilan Mariva suvlarida bellashding.
Yerning a’lo in’omlari Yusufga nasib etsin, Yongan buta orasida zohir bo‘lgan Xudoning muruvvatiga muyassar qilsin, Aka–ukalari orasidan tanlangan Yusufga bular buyursin.
Birinchi tug‘ilgan buqaday qudratlidir u! Uning shoxlari yovvoyi buqaning shoxlaridaydir. Bir shoxi Efrayimning tuman lashkaridir, Boshqa shoxi Manashening minglab jangchilaridir. Bu shoxlari bilan Yusuf xalqlarni quvadi, Yer yuzining chetigacha ularni haydab boradi.”
Gad qabilasi haqida shunday dedi: “Gadning yerini kengaytirgan Xudoni olqishlang! Gad bir arslon kabi yashaydi, Qurbonining qo‘lu boshini uzib tashlaydi.
U o‘zi uchun yerning a’losini oldi, Yo‘lboshchining ulushi unga berildi. Xalqning yo‘lboshchilari yig‘ilganda Gad Xudoning odil irodasini bajardi, Xudoning Isroil uchun chiqargan qarorini ado etdi.”
Qadimdan bor bo‘lgan Xudo sening panohingdir, Uning abadiy qo‘llari seni tutib turadi. U dushmanlaringni oldingdan haydaydi, Senga: ‘Ularni qirib tashla!’ deb aytadi.
Ey Isroil, sen baxtlisan! Kim senga o‘xshar?! Sen Egamiz qutqargan xalqsan. Seni asraydigan qalqoning, Shonli qiliching Egamizdir. Oldingda dushmanlaring tiz cho‘kadi, Sen esa ularning belini ezasan.”