Endi, ey Isroil, men sizlarga farmonlar va qonun–qoidalarni o‘rgataman. Ularga rioya qilinglar. Shunda yashaysizlar, ota–bobolaringizning Xudosi — Egamiz sizlarga berayotgan yerni mulk qilib olasizlar.
Men sizlarga aytayotgan amrlarga hech narsa qo‘shmanglar, hech narsa olib ham tashlamanglar. Men sizlarga berayotgan Egangiz Xudoning amrlariga rioya qilinglar.
Mana shu farmonlar va qonun–qoidalarni bitta qoldirmay bajaringlar, toki sizlarning aql–idrokingizni boshqa xalqlar ko‘rsin. Ular bu qonunlar haqida eshitib: “Ha, haqiqatan bu buyuk xalq dono, aql–idroklidir”, deb aytsin.
Faqat hushyor bo‘linglar. Ko‘zlaringiz bilan ko‘rganlaringizni unutmay, bir umr yuragingizda saqlanglar. Bularni o‘g‘illaringizga, nevara–chevaralaringizga ham aytib beringlar.
Sizlar Sinay tog‘ida, Egangiz Xudo oldida turgan kuningizni eslanglar. O‘sha kuni Egamiz menga aytgandi: “Mening huzurimga xalqni yig‘. Ular so‘zlarimni eshitib, yer yuzida butun umrlari davomida Mendan qo‘rqishni o‘rgansinlar, bolalariga ham o‘rgatsinlar.”
Egamiz olov ichidan sizlarga gapirdi. Sizlar Uning so‘zlarini eshitdingizlar, qiyofasini esa ko‘rmadingizlar. Faqat Egamizning ovozi eshitilar edi, xolos.
Shuningdek, osmonga qarab, quyosh, oy va yulduzlarni, jamiki samoviy jismlarni ko‘rib vasvasaga tushmanglar, ularga sig‘inmanglar, xizmat qilmanglar. Egamiz Xudo bularni, boshqa hamma xalqlar sig‘insin, deb bergan.
Egamiz sizlarning dastingizdan mendan g‘azablandi: “Men Isroil xalqiga mulk qilib beradigan Iordanning narigi tomonidagi o‘sha hosildor yurtga sen kirmaysan”, — deb qasam ichdi.
Shunday ekan, ehtiyot bo‘linglar, Egangiz Xudo sizlar bilan qilgan ahdni esdan chiqarmanglar. U taqiqlagan qiyofadagi birorta butni o‘zlaringizga yasamanglar.
O‘sha yurtda ko‘p yashaysizlar, bolalaringiz, nabiralaringiz tug‘iladi. Agar o‘shanda yo‘ldan ozsangiz, Egangiz Xudoning oldida qabihlik qilib, o‘zingizga turli qiyofadagi butlarni yasasangiz, U g‘azablanadi.
Bugun sizlarga qarshi yeru osmonni guvoh qilaman: agar menga itoatsizlik qilsangiz, yurtdan tez orada butunlay qirilib ketasizlar. Iordanni kechib, mulk qilib oladigan yurtda uzoq yashamaysizlar. Bittangiz qolmay halok bo‘lasizlar.
Endi sizlar dunyoga kelmasdan oldingi uzoq o‘tmishni, Xudo yer yuzida odamni yaratgan davrdan shu kungacha bo‘lgan davrni surishtirib ko‘ringlar. Dunyoning bu chetidan u chetigacha so‘ranglar–chi, shu qadar muhim voqea bo‘lganmi yoki shunga o‘xshash narsa haqida birortasi eshitganmi?!
Egangiz Xudo sizlar uchun Misrda nimalar qilganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Qaysi xudo sinovlar, alomatu mo‘jizalar orqali, urush, qudratiyu ajoyibotlari va dahshatli voqealar orqali bir xalqni o‘zi uchun boshqa xalq orasidan olib chiqqan?!
U sizlarga yo‘l–yo‘riq ko‘rsatish uchun osmondan ovoz berdi. Yer yuzida olov ustuni orqali sizlarga zohir bo‘ldi. Sizlar o‘sha buyuk olov ichidan Uning ovozini eshitdingizlar.
Egamiz Xudo ota–bobolaringizni sevar edi. Shuning uchun o‘zlaridan keyin ularning avlodlarini tanladi. Egamiz zohir bo‘lib, O‘zining buyuk qudrati bilan sizlarni Misrdan olib chiqdi.
Egamiz sizlardan kattaroq va kuchliroq xalqlarni oldingizdan haydab, ularning yurtiga sizlarni kiritmoqchi edi, xuddi bugungiday, mulk qilib oladigan yerlaringizni sizlarga bermoqchi edi.
Bugun men sizlarga Egamizning farmonlari va amrlarini aytyapman, shularga rioya qilinglar. Shunda o‘zlaringiz ham, naslingiz ham farovon hayot kechirasizlar. Egangiz Xudo abadiy qilib berayotgan o‘sha yurtda uzoq yashaysizlar.
Bu shaharlar quyidagilar edi: Ruben qabilasi uchun yassi tepalikdagi Bazer shahri, Gad qabilasi uchun Giladdagi Ramo‘t shahri, Manashe qabilasi uchun Bashandagi Go‘lon shahri.
Muso bularni Iordan daryosining sharqiy qirg‘og‘ida, Bayt–Piyor ro‘parasidagi vodiyda bayon qildi. Bu yer ilgari Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixo‘nga qarashli edi. Muso bilan Isroil xalqi Misrdan chiqqanlarida, Sixo‘nni mag‘lub qilgan edilar.
Isroil xalqi Iordan daryosining sharqida yashagan ikkala Amor shohining yurtlarini, ya’ni shoh Sixo‘nning va Bashan shohi O‘gning yurtini bosib olgan edi.
Shuningdek, Fisgax tog‘ tizmasining etagidagi O‘lik dengizgacha cho‘zilib, Iordan daryosining sharq tomonidagi butun Iordan vodiysini ham o‘z ichiga olgan edi.