Quloq sol, ey Isroil! Bugun Iordan daryosining narigi tomoniga o‘tasizlar. O‘zlaringizdan ko‘proq va kuchliroq bo‘lgan xalqlarning yerlarini mulk qilib olasizlar. Ularning ulkan shaharlari osmon o‘par devorlar bilan o‘ralgan.
O‘sha kuchli, bo‘yi baland xalq Inoq avlodidandir. Ularni o‘zlaringiz bilasizlar, “Inoq avlodiga kim ham bas kela olardi?!” degan gaplarni eshitgansizlar.
Bugun shuni bilib qo‘yinglarki, Egangiz Xudo yamlamay yutadigan olovday sizlarning oldingizda boradi. Xudo Inoq avlodini mag‘lub qilib, sizlarga itoat ettiradi. Shunda Egamiz bergan va’daga ko‘ra, ularni bir lahzada quvib, yo‘q qilasizlar.
Egangiz Xudo ularni sizlarning oldingizdan haydaganda, o‘zingizcha: “ Egam solihligim uchun bu yerni menga berdi”, deb aytmanglar. Bu xalqlar fosiq bo‘lgani uchun Egamiz ularni sizlarning oldingizdan haydayapti.
Sizlar solihligingiz uchun, yuragingiz to‘g‘ri bo‘lgani uchun ularning yeriga borib egalik qilmayapsizlar. Yo‘q! Bu xalqlarning fosiqligi tufayli Egamiz ularni oldingizdan haydayapti. Shu yo‘l bilan otalaringiz Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga Egamiz ont ichib bergan va’dasini bajaradi.
Egangiz Xudoni sahroda qanchalar g‘azablantirganingizni yodingizda tutinglar, aslo unutmanglar. Misrdan chiqqan kundan boshlab, mana shu yerga yetib kelguningizcha Egamizga qarshilik qilib keldingizlar.
Men tosh lavhalarni, ya’ni Egamiz sizlar bilan qilgan ahd lavhalarini olgani toqqa chiqdim. Qirq kechayu qirq kunduz tog‘da bo‘ldim, u yerda na non yedim, na suv ichdim.
Egamiz menga O‘z qo‘li bilan yozgan ikkita tosh lavhani berdi. Tog‘da yig‘ilgan kuningiz Egamiz sizlarga olov ichidan aytgan amrlarning hammasi tosh lavhalarga yozilgan edi.
Keyin Egamiz menga: “Qani bo‘l, bu yerdan tez pastga tush! O‘zing Misrdan boshlab olib chiqqan xalq yo‘ldan ozdi. Men sizlarga amr qilgan yo‘ldan darrov toyib, o‘zlariga but yasadi”, — dedi.
Qarasam, sizlar Egangiz Xudoga qarshi gunoh qilibsizlar, o‘zlaringizga buzoq shaklidagi butni yasab olibsizlar. Birpasda Egamiz sizlarga amr qilgan yo‘ldan toyibsizlar.
Egamiz oldida yuz tuban muk tushib, oldingiday qirq kechayu qirq kunduz non yemay, suv ichmay iltijo qildim, chunki sizlar gunoh qilgan edingizlar. Egamiz oldida qabih ish qilib, Uni g‘azablantirgan edingizlar.
Sizlar butni yasab gunoh qildingiz, shuning uchun men butni olovda yondirdim. Tuproqday maydalab ezib, kukunini tog‘dan oqib tushayotgan irmoqqa tashlab yubordim.
Egamiz sizlarni Kadesh–Barnadan jo‘natganda ham, sizlarga: “Boringlar, Men sizlarga beradigan yerni mulk qilib olinglar”, deb amr qilganda, sizlar Egangiz Xudoning amriga qarshilik qildingizlar. Unga ishonmadingizlar, quloq solmadingizlar.
shunday deb yolvorgan edim: “Ey Egamiz Rabbiy! Xalqingni halok qilma. Axir, ular Sening mulking–ku! Sen ularni buyuk kuching bilan qutqarib, qudrating bilan Misrdan olib chiqqansan.
Aks holda Misrliklar shunday deydi: ‘Anavi xalqning Egasi va’da qilgan yeriga ularni olib kirolmabdi. U O‘zining xalqini yomon ko‘rar ekan, shuning uchun ularni sahroda nobud qilish maqsadida Misrdan olib chiqqan ekan!’